24 avgust kuni DXX va huquqni muhofaza qiluvçi idoralar tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan 1 tonna 350 kg.ga yaqin giyohvand moddalar yöq qilindi.

Toşkentdagi tadbirda, noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalari maxsus maşinalarda olib kelinib, qizdirilgan peçlarda yoqildi.

Jarayonni xalqaro taşkilotlar va huquq organlari vakillari, OAV va jamoatçilik kuzatdi.

Ma'lum qilinişiça, Özbekistonda giyohvandlik bilan boğliq vaziyatga Afğonistonda köp miqdorda giyohvand moddalar işlab çiqarilayotgani sabab bölmoqda.

Rasmiy relizga köra, 2020 yil Afğonistonda köknor yetiştiriladigan maydonlar 224 ming gektarni, işlab çiqarilgan opiy miqdori 6,3 ming tonnani taşkil etgan.

2020 yil huquqni muhofaza qiliş idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanişi bilan boğliq 6032ta jinoyat foş etilgan. Bu 2019 yilga nisbatan 20 foiz köproqni taşkil qiladi.

6032ta holatdan 1814tasi narkotik moddalarni ötkaziş-sotiş, 1521tasi taqiqlangan ösimliklarni yetiştiriş, 49tasi bangixonalar taşkil etiş bilan boğliq bölgan bölsa, boşqa turdagi narkojinoyatlar 2344tani taşkil qilgan.

“2020 yilda DXX tomonidan 654ta narkojinoyat holatlariga çek qöyilib, 534 kg.dan ortiq narkotik vositalar va 93 mingdan ziyod psixofaol moddalar musodara qilindi.

DXXning çegara qöşinlari tomonidan esa 162,5 kg.dan ortiq narkotik vositalarning yurtimizga olib kirilişiga çek qöyildi”, – dedi DXX vakili Mahliyo Valiqulova.

Qayd etilişiça, noqonuniy giyohvandlik vositalari bilan boğliq holatlarda 55 nafar çet el fuqarolari aniqlangan. Ular Afğoniston, Tojikiston, Qozoğiston, Qirğiziston, Rossiya va Moldova fuqarolaridir.