Senat yalpi majlisida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat çegarasini qöriqlaş hamda himoya qilişni yanada kuçaytirişga qaratilgan özgartiriş va qöşimçalar kiritişni nazarda tutuvçi qonun muhokama qilindi.

Maʼlum qilinişiça, transmilliy jinoyatçilikning yangi körinişlari, xususan, davlat çegarasi orqali yerosti tunnellarini quriş va ulardan noqonuniy foydalaniş holatlari mavjud qonunçilikni yanada takomillaştiriş zaruratini yuzaga keltirgan. 

Muhokamada 2016–2025-yillar davomida davlat çegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tunneli aniqlangani, ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boşqa tovarlarni mamlakatga yaşirin olib kirişga urinişlar kuzatilgani taʼkidlangan. Bu kabi holatlar davlat çegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga jiddiy tahdid solişi qayd etilgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat çegarasi orqali yerostida noqonuniy tunnellar va boşqa infratuzilma obyektlarini quriş, ulardan foydalaniş, bunday faoliyatni taşkil etiş yoki moliyalaştiriş uçun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Şuningdek, ana şunday noqonuniy inşootlardan foydalangan holda davlat çegarasini kesib ötganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uçun javobgarlik çoralari kuçaytirilyapti.

Birinçi marta uşbu turdagi qilmişni sodir etgan şaxs öz ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tunnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni foş etişga faol kömaklaşsa hamda uning harakatlarida boşqa jinoyat tarkibi bölmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinişi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan özgartişlarga muvofiq uşbu turdagi jinoyatlar böyiça dastlabki tergov harakatlarini Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovçilari amalga oşiradi. 

Senatorlar qonunni maʼqulladi.