Tadbirda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov so‘z olib, murabbiy tanlash jarayoni va Katanets nomzodiga to‘xtalish sabablari haqida gapirib berdi.

«O‘FA mutasaddilari milliy jamoaga yangi murabbiy tanlash jarayonida 30 dan ortiq murabbiy variantini ko‘rib chiqdik. Ular orasida bir qator nomdor mutaxassislar ham bor edi. Lekin murabbiylar kengashi bizga aniq kriteriyalarni belgilab berishdi. Bunga ko‘ra, yangi murabbiy milliy jamoalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lishi, xorijdan, imkon qadar Yevropadan bo‘lishi kerak edi. Sababi, bugungi kun futbolida Yevropa ustunlik qilmoqda va jadallik bilan rivojlanyapti.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda ishlashga bo‘lgan xohish, istak va ambitsiya muhim ahamiyat kasb etardi. Uchinchidan, biz ko‘plab murabbiylarni tahlil qilganimizda, ular asosan yig‘inlar paytida kelib, boshqa paytlarda o‘zlari istiqomat qiladigan davlatda bo‘lishni ma'qul ko‘rishlariga guvoh bo‘ldik. Biz esa yangi murabbiy O‘zbekistonda yashab, milliy chempionatimizni sinchkovlik bilan kuzatib, biz bilan birgalikda ish olib borishi kerak degan qarorga keldik. Va nihoyat, yangi murabbiyning shtabida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlovchi mutaxassis bo‘lishi ko‘zda tutilishi kerak, deb qaror qilindi.

Shu tariqa, o‘zbek futboli muxlislarining Jahon chempionatiga chiqish haqidagi uzoq yillik orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida, milliy jamoamiz bosh murabbiyligiga Srechko Katanets nomzodida to‘xtaldik», dedi Ermatov.

Shundan so‘ng, Srechko Katanets so‘z olib, milliy jamoa bosh murabbiyi sifatidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi va jurnalistlarni qiziqtirgan bir qator savollarga javob berdi.

«Hammaga salom. Men va yordamchilarim bu yerda ekanimizdan xursandmiz. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga bizga ushbu imkonni taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Maqsadimiz – jahon chempionati yo‘llanmasi. Buning uchun ko‘p ishni amalga oshirishimiz kerak. Yaxshi, yosh futbolchilarni topishimiz kerak. Moslashib olish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Mundialga chiqish uchun biz rostdan ham kuchli bo‘lishimiz kerak.

Bu yo‘lda media va muxlislar bizga katta yordam beradi deb o‘ylayman. Umid qilaman, tez orada koronavirus bilan bog‘liq muammolar hal bo‘lib, muxlislar bilan to‘la stadionda o‘ynaymiz. Ular jamoani har qanday holatda, mag‘lubiyatda ham, g‘alabada ham bir xil qo‘llashlariga umid qilaman.