O‘zbekiston | 14:50 / 10.09.2021
5251
5 daqiqa o‘qiladi

YeXHT vakili: “OAV erkinligiga erishish – uzoq davom etadigan jarayon”

Toshkentda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 23-Markaziy Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Konferensiya mavzusi – “Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy qadrini oshirish”.

Kun.uz tadbir doirasida YeXHTning media erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro bilan qisqa suhbatda bo‘ldi.

— O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga qanday baho berasiz?

— Juda qiziq savol. Mamlakatda matbuot erkinligini ta'minlash – bu uzoq davom etadigan jarayon. Bu yerda men uchun qiziq bo‘lgan narsa shundaki, O‘zbekiston bu jarayon bilan shug‘ullanmoqda. Ba'zi islohotlar amalga oshirildi, juda muhim qadamlar qo‘yildi, shuning uchun men sizlarning to‘g‘ri yo‘lda ekaningizga to‘liq aminman. Ishonchim komilki, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati va hukumat yordami bilan erkin ommaviy axborot vositalariga ega bo‘ladi.

— Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida qanday farqlarni aytib bera olasiz?

— Biz ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos ijtimoiy soatlar ekanini unutmasligimiz kerak, shuning uchun ham har xil media sohalariga har xil kontekst to‘g‘ri keladi. Ularni solishtirishdan ma'no yo‘q, chunki ularning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud va bu normal holat. Jamoalar boshqacha bo‘lgani, qolaversa mamlakatlar boshqa-boshqaligi bois kontekst ham juda o‘ziga xosdir.

Ularni taqqoslash foydali, deb o‘ylamayman. Shuni aytishim mumkinki, Yevropadagi vaziyat ham juda silliq emas. Ommaviy axborot vositalari erkinligi nafaqat bu mintaqada, balki barcha mamlakatlarda eng dolzarb mavzu. Biz YeIning barcha hududlarida o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Demak, bu mintaqa, xususan, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston ham boshqa mamlakatlardan farq qilmaydi. Bizlar barchamiz har xilmiz, lekin faqatgina sizlar qiyinchiliklarga duch kelayotganlaringiz yo‘q. Murakkabliklar, xuddi O‘zbekistonda bo‘lgani kabi hamma joyda mavjud. Yevropa ham ba'zi qiyinchiliklarga duch kelmoqda, bunga populizm, ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq holatlar misol bo‘la oladi.

Bilasizmi, jamiyatning qandaydir qutblanishi kabi jihatlar ishonchim komilki, Yevropada bo‘lgani singari bu yerda ham bor. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha mexanizmlar va vositalardan foydalanish, menimcha, eng muhimidir.

— So‘z erkinligini ta'minlash borasida O‘zbekiston hukumatiga qanday tavsiyalar bera olasiz?

— Vazifalarimga ko‘ra, eng muhim majburiyatlarimdan biri – media konferensiyadagi ishtirokchi davlatlarga amaliy ko‘mak berishdan iborat. Albatta, biz bunga tayyormiz va manfaatdormiz. O‘zbekiston hukumati qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida qator islohotlarni o‘tkazmoqda. Bu birinchi qadam. Shu bilan birga, sudga murojaat qilish imkoniyatlari va boshqa aloqador masalalarni oshkora va aniq amalga oshirishni ta'minlashingiz kerak. Menimcha, bu bir tanganing ikki tomonidek gap.

***

Konferensiyada so‘z olgan“Jurnalist va blogerlar uchun yuridik klinikasi” yurist-konsultanti Madina Tursunova o‘zbek jurnalistlari huquqiy bilimlarini oshirish zarurligini qayd etdi.

Madina Tursunova

“Jurnalistlarga huquqiy maslahat beruvchi shaxs sifatida media sohamizdagi o‘zgarishlarni kuzatib boryapman. OAV soni ko‘paygani, ular berayotgan kontent turli-tumanligi va mazmuni ortgani, dolzarb bo‘lgan mavzular olib chiqilayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Shu bilan birga, hozirgi kundagi asosiy muammo – kontent sifati.

Afsuski, media sohamizdagi mavjud kontent yetarli emas. Kontent sifatini oshirish kerak, buning uchun jurnalist o‘z ustida ishlashi lozim, manbalarni qidirishi talab etiladi. Umuman olganda jamiyatga kerakli bo‘lgan axborotni, ma'lumotni yetkazib berish zarur.

Media sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislarga tavsiya emas, taklif bildirardim. Ular o‘zlarining huquqiy saviyasini oshirishi, huquqiy majburiyatlarini bilishi hamda o‘sha huquqiy va etik jihatlarga mos ravishda faoliyatlarini olib borish orqali sifatli jurnalistik materiallarni tayyorlashni taklif qilgan bo‘lardim”, – deydi Madina Tursunova.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid