Jahon | 18:37 / 23.10.2021
5966
2 daqiqa o‘qiladi

Apple qatorasiga to‘qqiz yildan beri dunyoning eng qimmat brendi bo‘lib qolmoqda

Apple brendi 408,25 mlrd dollarga baholanib, o‘tgan bir yilda 26 foizga qimmatlashgan. Keyingi o‘rinlardagi eng qimmat brendlar sifatida Amazon (249,25 mlrd dollar) va Microsoft (210,2 mlrd dollar) qayd qilingan.

Foto: REUTERS/Stephen Lam

Interbrand Corp tadqiqotlariga ko‘ra, Apple ketma-ket 9 yildan beri dunyodagi eng qimmat brend bo‘lib qolmoqda. Uning qiymati o‘tgan bir yil davomida 26 foizga oshgan va 408,25 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Ikkinchi o‘rinda Amazon brendi (bir yil davomida brend narxi 24 foizga oshgan va 249,25 mlrd dollarga baholangan) qayd etilgan. Kuchli uchlikni esa Microsoft (210,2 mlrd dollar) yakunlab bergan.

Birinchi top-10 talikka kirgan brendlar ro‘yxati quyidagicha:

  • Google(196,8 mlrd dollar);
  • Samsung( 74,635 mlrd dollar);
  • Coca-Cola( 57,488 mlrd dollar);
  • Toyota (54,107 mlrd dollar);
  • Mercedes-Benz(50,866 mlrd dollar);
  • McDonald's (45,885 mlrd dollar);
  • Disney(44,183 mlrd dollar).

Hisobotda aytilishicha, ro‘yxatdagi yetakchi uchta kompaniya 10 talik brendlar umumiy qiymatining 62 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan.

O‘tgan yilga nisbatan eng qimmatlashgan brend Tesla (184 foizga qimmatlashib, 36,27 milliard dollarga baholangan) hisoblanib, 26-o‘rindan 14-o‘ringacha ko‘tarilgan.

Yana bir narxi tez o‘sayotgan brendlardan biri Salesforce mijozlar ma'lumotlarini boshqarish tizimi bo‘lib, u yil davomida 37 foizga qimmatlashgan (14,77 mlrd dollar) va 38-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shuningdek, narxi keskin qimmatlashgan brendlar orasida Adobe va PayPal ham bor, ularning qiymati 36 foizga oshgan.

100 ta eng qimmat brendlarning umumiy qiymati 2 trillion 667,5 milliard dollarga baholangan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilda 2 trillion 326,4 milliard dollarni tashkil qilgan.

Ushbu reyting birinchi marta e'lon qilingan 2001 yilda dastlabki 100 ta brendning umumiy qiymati 988 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan vaqt ichida bu ko‘rsatkich 2,7 barobarga oshgan.

Mavzuga oid