Foto: Dildora Anvarovaning shaxsiy arxividan

Mamlakat iqtisodiyoti va investitsiya jozibadorligini rivojlantirish maqsadida qilinayotgan islohotlar jarayonida tadbirkorlik sub’yektlariga qonunchilikda belgilangan tartibda soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini taqdim etish orqali biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodiyotning milliy tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan imtiyoz va preferensiyalar berishdan ko‘zlangan maqsad – sohani rivojlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda to‘laqonli sog‘lom raqobat muhitida ishlashga tayyorlashdir.

Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalardan samarasiz foydalanish tarmoqlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilib, bozor monopollashuvini rag‘batlantirishi mumkin.

Shuningdek, o‘rganish natijalariga ko‘ra:

  • imtiyozlar va preferensiyalardan soliqdan qochish vositasi sifatida foydalanish oqibatida suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilayotgani;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga imtiyozlar taqdim etilishining shaffof mexanizmlari joriy etilmagani;
  • ularni taqdim etishdan ko‘zlangan maqsadlarga erishilganini baholash va foydalanish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmagani;
  • muddatsiz imtiyozlarni berish holatlari ortib borayotgani;
  • imtiyoz berish shartlari hamda uni tugatish va bekor qilishning huquqiy asoslari mavjud emasligi kabi omillar aniqlandi.
Foto: iStock by Getty Images

1. Imtiyoz va preferensiyalar instituti huquqiy jihatdan yetarli darajada qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan.

Bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash, tender savdolarsiz xarid qilish, imtiyozli kreditlash, ayrim turdagi faoliyat turlarini imtiyozli ravishda amalga oshirish va boshqa turli eksklyuziv huquqlar taqdim etilgan. Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga taqdim etilayotgan afzalliklarning qaysi turi imtiyoz hisoblanishi, imtiyozlar qanaqa ko‘rinishda bo‘lishi amaldagi qonun hujjatlarida aniq belgilab berilmagan.