Gruziya inson huquqlari tashkiloti egidasi ostida harakat qiluvchi mustaqil shifokorlar guruhi 48 kun davomida ochlik e'lon qilgan qamoqdagi sobiq prezident Mixail Saakashvilini tekshirgan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan ochlik sabab Gruziya sobiq prezidentining ahvoli yomonlashgan va uning tiklanishi uchun qamoqxona kasalxonasida sharoit yetarli darajada yaxshi emas – siyosatchini fuqarolik kasalxonasiga o‘tkazish kerak.
Ammo xulosa berilgan kuniyoq Gruziya jazoni ijro etish xizmati Saakashvilining ahvoli qoniqarli ekani, hayotiga hech qanday xavf yo‘qligini ma'lum qilgan. Mustaqil shifokorlar guruhini Gruziya ombudsmani vakili Nino Lomjariya yig‘gan. Shifokorlar qamoqxona kasalxonasida Saakashvilining tiklanishi uchun yetarli sharoit yo‘q deb topishgan.
«Mixail Saakashvilining ahvoli yomon. Buni ko‘plab hayotiy zarur ko‘rsatkichlar aytib turibdi. Bunday holatda qamoqxona kasalxonasida davolanish uchun yetarlicha imkoniyat yo‘q deb hisoblaymiz», deya shifokorlar guruhi vakili Georgiy Grigolining so‘zlarini keltirmoqda «Interfaks».
Shifokorning aytishicha, Saakashvili 48 kundan buyon ochlik e'lon qilgan. Oqibatda V1 vitamini yetishmovchiligi sabab Saakashvilining miyasida og‘riq paydo bo‘lgan.
Shifokorlar sobiq prezident ochlikni davom ettirsa, unda ichki qon ketishi kuzatilishini taxmin qilgan. Oqibatda Saakashvili komaga yoki aritmiya holatiga tushib qolishi mumkin. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Saakashvili ko‘p tarmoqli klinikada to‘laqonli davolanishi kerak.
Sentabr oyi oxirida mamlakatga yashirincha qaytgan sobiq prezident 1 oktabr kuni qo‘lga olingandi. Uning Gruziyaga qaytganini Batumidan video joylagach bilib qolishdi. Hukumatdagilar avvaliga bu video yangi ekaniga shubha ham bildirishgandi.
Saakashviliga Gruziyada ko‘plab holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va ularning ikkitasi bo‘yicha sirtdan 6 yillik qamoq jazosi ham e'lon qilingandi.
Shov-shuvli video

O‘tgan hafta Gruziya jazoni ijro etish xizmati Saakashvilining qamoqxonadan kasalxonaga olib ketilayotgani tasvirlangan video e'lon qildi. Unda avvaliga xotirjamlik bilan narsalarini yig‘ishtirayotgan Saakashvili ko‘rinadi. Keyinroq yarim yalong‘och holatdagi siyosatchi xonada turgan shifokorlar va bir necha kishidan biri bilan janjallashib qolgani ko‘rinadi. Ma'lum bo‘lishicha, Saakashviliga shahar kasalxonasiga olib borishlarini aytib, uni qamoqxonadan aldab olib chiqishgan va qamoqxona kasalxonasiga olib borishgan.








