Sarlavha juda qo‘pol tuyildimi? Bu tabiiy. Lekin tabiiy jarayonlarning eng muqarrari o‘limdir. Ayniqsa murakkab kasalliklarning ortga qaytmas bosqichlarida vaziyat yanada og‘irlashadi, hech kim tan olishni istamaydigan, lekin hamma tushunib turgan holat yuzaga keladi.

Din ham, jamiyat ham hali joni uzilmagan insonga ko‘mak berish, dardini yengillatish, og‘riqlarini qoldirishni talab qiladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun kompleks yondashuv zarur va bu ishlar hospislarda bajariladi. Rivojlangan mamlakatlarda hospislar faoliyati ipidan ignasigacha qonunchilik, nizomlar va an'analarga ko‘ra tartibga solingan.

  • Atama haqida: Hospis — tuzalmas dardlarga chalinganlar, asosan onkologik bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Ya'ni har qancha shafqatsiz va qo‘pol bo‘lmasin, hospis o‘lim oldi holatida bemorning azoblarini yengillatish uchun xizmat qiladi va u yerga... o‘lish uchun boriladi.

Bizda bu borada ham o‘ziga xos an'ana shakllangan. Og‘ir holatdagi bemor odatda uyiga jo‘natiladi. Bundan har ikki tomon ham manfaatdor – shifoxonada o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketmaydi, «bemor o‘zi uyida, yaqinlari davrasida xotirjam jon beradi» degan tushuncha juda mustahkam.

Biroq dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, og‘ir kasalliklarning so‘nggi bosqichida, ya'ni o‘lim oldidan bemor bemisl azob chekadi, og‘riqlar qiynaydi, uning tanasida shunday jarayonlar yuz beradiki, har qancha yaqin qarindoshi bo‘lsa-da tibbiyotdan uzoq odam malakali yordam berishi qiyin.

Hospislarning huquqiy maqomi, ish uslubi ham turli davlatlarda turlicha. Ayrim rivojlangan davlatlar ularga to‘la-to‘kis tibbiy muassasa maqomini bergan bo‘lsa, boshqalarida ular ko‘proq ijtimoiy ko‘mak markazi sifatida ishlaydi. Hospislarning moliyaviy ta'minoti ham turlicha, pullik yoki davlat tomonidan ta'minlanishi mumkin.

Lekin qator umumiy prinsiplar borki, ularga deyarli hamma joyda amal qilinadi. Masalan: hospislarda songa emas, sifatga ishlanadi. Ya'ni bemorning so‘nggi kunlarini son jihatdan uzaytirish asosiy maqsad emas, eng muhimi – o‘sha kunlar og‘riqlarsiz va nisbiy xotirjamlikda o‘tishidir.

Bunday bemorlarga hatto chekishga ruxsat beriladi, yeguliklardan istagi muhayyo qilinadi, injiqliklariga ko‘z yumiladi, og‘riq qoldiruvchilar bo‘yicha ham qat'iy cheklovlar qo‘llanmasligi mumkin.

Savol tug‘ilishi tabiiy – O‘zbekistonda hospislar bormi?

Bizda ham bu masala vaqti-vaqti bilan ko‘tariladi. So‘nggi kunlarda bloger Aziza Umarovaning o‘z sahifasida og‘ir bemor bolalar uchun hospis tashkil etish tashabbusi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.