Germaniyada Angela Merkel hukumatini almashtiradigan yangi koalitsiya tarkibidagi uch partiya Annalena Berbok nomzodini mamlakat tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqladi. Bu kutilgan tanlov bo‘ldi — Berbok tashqi siyosat bobida, ayniqsa Rossiya hukumati manziliga qaratilgan o‘tkir chiqishlari bilan ma'lum edi. Moskvadagilar Berbokdan shusiz ham sovuqlashgan munosabatlar yanada yomonlashtirilishini kutishmoqda va oldindan yangi vazirda «tajriba ham, bilim ham yo‘qligi» haqida ogohlantirishmoqda. Ammo u yangi lavozimida ham o‘zining qat'iy pozitsiyasini saqlab qolishi — aniq emas. Germaniya TIVning yangi rahbari oddiy siyosatchi sifatida shov-shuvli bayonotlar bergan bo‘lsa-da, haqiqiy siyosat butunlay boshqa masala. Shu bilan birga, bunday lavozimdagi muqarrar murosasozlik o‘zi ham kansler bo‘lish ambitsiyalariga ega bo‘lgan siyosatchining istiqboliga raxna solishi mumkin.

Qirq yoshli Annalena Berbok faqat shu yilga kelib nemis siyosati sahnasiga chiqdi, bahorda «Yashillar» partiyasi uni kanslerlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatishgandi. O‘shanda «Yashillar» mamlakatdagi eng mashhur va faol partiya edi, shu tufayli uni Merkelning o‘rinbosari sifatida ko‘ra boshlashdi. Ammo Berbok saylovoldi kampaniyasini muvaffaqiyatli o‘tkaza olmadi: tabiat himoyachisi gavdalangan siyosatchining kitobida plagiat aniqlandi, rasmiy saytida uning biografiyasida yolg‘on ma'lumotlar qo‘shilgani ma'lum bo‘ldi. Natijada sentabr oyidagi saylovlarda «Yashillar» faqat 14,5 foiz ovoz olib, uchinchi bo‘lishdi va saylovda Merkel partiyasini kichik farq bilan ortda qoldirib, birinchi bo‘lgan sotsial-demokratlar bilan koalitsiyaga kirishga majbur bo‘lishdi, kanslerlikni sotsial-demokratlar vakili — Olaf Shols egalladi. Berbok TIV rahbarligini oladigan bo‘ldi.

Berbok chindan ham Kreml uchun eng yomon variantmi?
Mantiq nuqtayi nazaridan — ha. «Yashillar» — Germaniya parlamentidagi Rossiya hukumatiga nisbatan eng murosasiz kuch, Berbok — partiyaning eng yorqin spikeri. U anchadan buyon «Shimoliy oqim — 2» gaz quvuri qurilishiga qarshi chiqib keladi (quvur qurilgan, ammo murakkab sertifikatsiya protsedurasidan o‘tgan, hozirda esa bu jarayon to‘xtatilgan), bu vaqtda parlamentdagi boshqa partiyalar loyihani qo‘llab-quvvatlagandi. «Faqat Berbok aniq va qat'iy xulosaga ega», — deya xarakterlagandi Die Zeit nashri Berbokning Rossiya masalasidagi pozitsiyassini; qolgan siyosatchilar, nashr fikricha, «pushtirang ko‘zoynak» taqib olishgan va tahdid naqadar jiddiyligini tushunmaydilar.

Oktabr oyi oxirida nemis maxsus xizmatlari hatto Berbok saylovoldi kampaniyasi davrida xorijdan qilingan axboriy hujum obektiga aylangani haqida ma'lum qildi. Maxsus xizmatlar mamlakat nomini keltirishmagan, lekin buni «siyosatchining pozitsiyasi ma'qul kelmagan tomon» amalga oshirganini bildirgandi.