Germaniya kansleri Fridrix Mers 27-avgust kuni RTL telekanalidagi dasturda XDI va GuM oʻrtasida hamkorlik qilish imkoniyatini rad etdi.
Mersning aytishicha, GuM vakillari Rossiyaning Berlindagi elchixonasiga «muntazam borib turadi» va Rossiya rasmiylari bilan yaqin aloqalarni saqlab keladi.
Kansler XDI va GuM oʻrtasidagi kelishmovchiliklar faqat Rossiya masalasi bilan cheklanmasligini taʼkidladi. U GuM vakillarining XDIni «yoʻq qilish» va Germaniyadagi mavjud siyosiy tizimni «buzish» haqidagi bayonotlarini ham tilga oldi.
Shuningdek, Mers GuMning yevrozona, Shengen hududi va Yevropaning yagona bozoridan chiqish tarafdori ekaniga eʼtibor qaratdi.
«Yevropa Ittifoqidan qisman chiqib boʻlmaydi, NATOdan qisman chiqib boʻlmaydi va XDIni ham qisman yoʻq qilib boʻlmaydi», - dedi Mers.
Uning taʼkidlashicha, ikki partiya pozitsiyalari oʻrtasida «prinsipial» farqlar mavjud. Kansler GuM Germaniyaning «ichki va tashqi xavfsizligiga tahdid solayotganini» ham aytdi.
Mers bu bayonotlarni Saksoniya-Anhaltdagi yer parlamenti saylovlariga bir haftadan sal koʻproq vaqt qolganida bildirdi. Soʻrovlarga koʻra, ushbu hududda GuM boshqa siyosiy partiyalardan sezilarli darajada oldinda bormoqda.
Shu bilan birga, kansler saylovlarda GuM gʻalaba qozongan taqdirda Saksoniya-Anhalt hukumati qanday shakllantirilishi mumkinligi haqida aniq javob bermadi.
Mers 2024-yil kuzida Tyuringiya va Saksoniyada ham shunga oʻxshash vaziyat kuzatilganini eslatdi. Oʻshanda GuM saylov natijalari boʻyicha eng kuchli siyosiy kuchga aylangan, ammo hukumat tuzishga muvaffaq boʻlmagan.
2026-yil sentabrida Berlin, Meklenburg - Old Pomeraniya va Saksoniya-Anhaltda yer parlamentlariga saylovlar oʻtkaziladi. Soʻrovlarga koʻra, Meklenburg - Old Pomeraniya va Saksoniya-Anhaltda GuM hozircha eng ommabop partiya boʻlib qolmoqda.





