
Latviyadagi vazirlar uchrashuvi NATOning yangi strategik konsepsiyasi qabul qilinishi arafasida o‘tkazildi, konsepsiya 2010 yildan buyon yangilanmay kelayotgandi. Ammo tadbirdagi asosiy mavzular rossiyalik harbiylarning Ukraina bilan chegarada to‘planishi hamda YeI va Belarus o‘rtasidagi migratsiya inqirozi bo‘ldi.
NATOning Latviyadagi harbiy ishtiroki oshirilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban bosh kotib alyans istalgan vaqtda regionga 40 ming askar tashlashi mumkinligini aytib o‘tdi.
«So‘nggi yillarda biz sovuq urush davridan buyon eng keng ko‘lamli mudofaa harakatlarini olib bordik, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarida to‘rtta jangovar guruh tuzdik, shuningdek, dengizdagi ta’sir doiramizni va jangovar shayligimizni oshirdik. Biz NATOning tezkor harakatlar uchun tayyor turadigan qo‘shinlari sonini 40 mingga yetkazdik, ular zarurat tug‘ilgan holatlarda tegishli joylarga tashlanadi», degan Stoltenberg.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi mamlakatlarga chegaradagi migratsiya inqirozini bartaraf etishda ko‘maklashadigan mutaxassislar yuboriladi
«Biz Lukashenko rejimi qanday qilib ojiz odamlardan Polsha, Latviya va Litvaga bosim qilishda foydalanayotganini ko‘rib turibmiz. Bu surbetlik va noinsoniylikdir. Biz bu muammo qarshisida qolgan alyans bo‘yicha hamkorlarimiz bilan birdammiz. Biz YeI bilan hamkorlik qilamiz - YeIda ham, NATOda ham alohida holatda kerakli barcha instrumentlar yo‘q, ammo biz birgalikda munosib javob bera olamiz», degan NATO bosh kotibi.
AQSh hozircha jim

Latviya prezidenti Egils Levits AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga Belarus chegarasidagi so‘nggi voqealar munosabati bilan mintaqadagi amerikalik harbiylar sonini oshirish bo‘yicha murojaat qilgan.
Blinken o‘z chiqishida bu iltimosga aniq javob bermadi: uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala muhokama bosqichida bo‘lib turibdi.








