Yevropa Chempionlar Ligasida 4ta guruhda so‘nggi tur o‘yinlari yakunlandi.

A guruhida muddatidan avval 1-o‘rin va pley-off masalasini hal qilgan «Manchester Siti» (12) safarda «Leypsig» (7) bilan bahsda mag‘lubiyatga uchradi. 2-o‘rin bilan 1/8 finalga chiqqan «PSJ» (11) o‘z uyida autsayder «Bryugge» (4) ustidan Mbappe va Messining dubllari evaziga yirik hisobda g‘alaba qozondi.

V guruhi peshqadami «Liverpul» (18) safarda «Milan»ni (4) yengib, 100 foizlik natija qayd etdi. «Atletiko» (7) esa «Portu» (5) ustidan g‘alaba qozonib, 1/8 finalga yo‘l oldi.

Barcha masala hal bo‘lgan S guruhida «Ayaks» (18) so‘nggi turda ham g‘alaba qozondi — «Sporting» (9) mag‘lub etildi. Yevropa Ligasiga tushib ketgani ma'lum bo‘lib ulgurgan «Borussiya» (9) Dortmundda «Beshiktosh»ni (0) tor-mor etdi.

D guruhida 1-o‘rin uchun kurashda «Real» (15) «Inter»ni (10) javob o‘yinida ham mag‘lub etdi. «Shaxtyor» (2) «Sherif» (7) bilan bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqardi.

Hozirgacha Chempionlar Ligasida 1/8 finalda o‘ynaydigan 16 jamoadan 12tasi ma'lum bo‘ldi — «Bavariya», «Ayaks», «Liverpul», «Yuventus», «MYu», «Chelsi», «Real», «Inter», «Manchester Siti», «PSJ», «Sporting», «Atletiko».

8 dekabr kuni qolgan 4ta guruhda 6-tur bahslari bo‘lib o‘tadi va pley-offga chiqqan so‘nggi 4 jamoa nomi aniqlanadi.

YeChL. 6-tur. 7 dekabr

A guruhi
Leypsig — Manchester Siti 2:1
Gollar: Soboslai (24), Silva (71) — Mahrez (77). 
Leypsig – Gulachi, Mukiyele (Xenrixs, 80), Klostermann (Simakan, 46), Gvardiol, Anxelino, Kampl, Forsberg (Brobbi, 79), Laymer (Adams, 63), Nkunku, Soboslai, Andre Silva (Moriba, 86). 
Manchester Siti – Steffen, Uoker, Stounz, Ake (Diash, 87), Zinchenko, Fernandino, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Palmer, 87), Grilish, Foden (Sterling, 46), Mahrez.
Chetlatish: Uoker (83). 

PSJ — Bryugge 4:1
Gollar: Mbappe (2, 7), Messi (38, 76 penalti) — Rits (68).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Diallo, Mendesh (Kerer, 50), Veynaldum, Guyye (Paredes, 71), Verratti (Ebimbe, 84), Di Mariya (Errera, 71), Messi, Mbappe (Ikardi, 83).