Rossiya prezidenti Ukraina bilan muzokaraga tayyorligi, lekin bunda frontdagi real vaziyatga asoslanish kerakligini aytdi. Kiyev esa amaldagi front chizigʻida janglarni toʻxtatishni taklif qilmoqda. Ikki pozitsiya oʻxshashdek tuyulsa-da, aslida Moskva hali egallab ololmagan, lekin oʻz hududi deb hisoblayotgan yerlarning berilishini talab qilmoqda. Bu esa “tinchlikka tayyorlik” haqidagi yangi gaplar ham ritorik ekanini koʻrsatadi.

VIDEO

Mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar soʻz yuritdi.

Abduvali Soyibnazarov: Ochiq tan olish kerakki, qariyb toʻrt yarim yildan beri Vladimir Putin ham, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham muzokaralarga tayyor ekanini aytib kelmoqda. Biroq har ikki tomonning muzokaralarga qoʻyadigan shartlari va masalaga yondashuvi keskin farq qiladi.

Vladimir Putin muzokaralar avvalo frontdagi real vaziyatni hisobga olishi kerakligini taʼkidlamoqda. Uning pozitsiyasiga koʻra, Rossiya frontda asta-sekin oldinga siljiyotgan ekan, kelishuv shartlari ham aynan jang maydonidagi vaziyatdan kelib chiqishi kerak. Rossiya Donbass, shuningdek, Zaporoje va Xerson viloyatlarini toʻliqligicha oʻz hududi deb hisoblaydi. Moskva ushbu hududlarning Rossiyaga qoʻshilganini xalqaro hamjamiyat va Ukraina tan olishini talab qilib kelmoqda. Luhansk viloyatining deyarli toʻliq Rossiya nazoratiga oʻtgani ham Kremlning muzokara pozitsiyasida muhim omil sifatida koʻrilmoqda.

Shu sababli Putinning “muzokaralarga tayyormiz” degan bayonotini yon berishga tayyorlik sifatida qabul qilish qiyin. Aksincha, Kremlning asosiy pozitsiyasi oʻzgarmagan: “muzokaralar Rossiyaning frontdagi yutuqlari va hududiy talablarini hisobga olgan holda olib borilishi kerak”. Demak, Putin muzokaralarga tayyorligini bildirayotgan boʻlsa-da, bu Rossiya avvalgi talablaridan voz kechganini anglatmaydi.

Shuhrat Rasul: Vladimir Putin Rossiya muzokaralarga tayyorligini aytmoqda, lekin uning taʼkidlashicha, Ukraina tomonidan ilgari surilayotgan “ekzotik takliflar” Moskva uchun maqbul emas. Bu yerda asosiy savol tomonlarning “real vaziyat” haqidagi talqini nimasi bilan farq qilishida. Ukraina bir yildan ortiq vaqt davomida urushni frontdagi amaldagi toʻqnashuv chizigʻida toʻxtatish yoki muzlatish taklifini ilgari surib kelmoqda. Putin esa kelishuv frontdagi vaziyat, yaʼni “yerdagi reallik”dan kelib chiqishi kerakligini aytmoqda.

Aslida, Zelenskiy taklif qilayotgan front chizigʻini saqlab qolish ham yerdagi real vaziyatning oʻzi. Biroq Kreml “real vaziyat” deganda boshqa narsani nazarda tutmoqda. Putin talqiniga koʻra, Rossiya daʼvo qilayotgan, ammo hozir Ukraina nazoratida boʻlgan hududlar ham muzokaralar doirasida Rossiyaga berilishi kerak. Masalan, Kramatorsk, Slovyansk va Konstantinovka yoʻnalishlarida janglar davom etmoqda. Donbassning Rossiya nazoratiga oʻtmagan qismi hali ham Ukraina qoʻlida. Demak, Putin uchun “real vaziyat” shunchaki amaldagi front chizigʻini muzlatish emas, balki Rossiyaning hududiy daʼvolarini ham kelishuvga kiritishni anglatadi.