Bundan 25 yil avval – 1996 yil 30 dekabrda Anglesey Food nomi bilan asos solingan korxona – Korzinka supermarketlar tarmog‘i 10 yanvar sanasida ahil jamoasining barcha a’zolari va ko‘pyillik hamkorlari uchun katta shou-konsert tashkil etdi.

Poytaxtdagi go‘zal Humo Arena ekranlarida bayramona animatsiya deyarli har bir o‘zbekistonlikka tanish timsol – qizil fondagi Korzinka logotipi aks etmoqda.
Zinalar tomon yaqinlashib borganingiz sari tarmoqning yurtimiz turli viloyatlaridagi supermarketlaridan 5 charter samolyot va ko‘plab avtobuslarda kelgan 5,5 mingdan ko‘proq xodimlar brend bayroqlarini tantanavor hilpiratib borayotganini ko‘rasiz.

Yubiley tadbirining kirish qismi boshlovchilar – Davron Kabulov va Dildar Islamovaning jarangdor ovozi hamda yig‘ilganlarning gulduros qarsaklaridan milliy cholg‘u asboblari, karnay-u doiralar zarbi, so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev yetakchiligidagi simfonik orkestr ijrosidagi sadolarga ulanib ketdi.
Konsert davomida Korzinka supermarketlar tarmog‘ining qadriyatlari va oldga qo‘yilgan maqsadlari to‘g‘risida kompaniya asoschisi Zafar Hoshimov hamda yetakchi bo‘limlar rahbarlari o‘ziga xos taqdimot bilan hikoya qilib berdilar.

«Kuniga 250 ming nafar xaridorni qabul qilamiz, 150 ming chek chiqariladi. Bozor bilan taqqoslaganimizda esa 18 turdagi tovarlarni xarid qilish uchun odatdagi bozorlarimizda 78 daqiqa vaqt sarf bo‘ladi. Korzinkada esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 17 daqiqaga teng. Taqriban olganda, jamoamiz bilan birga biz vatandoshlarimiz umrining 10 ming kunini tejar ekanmiz», – deydi Zafar Hoshimov.
Alohida e’tiborga molik jihati, kompaniya rahbariyati tomonidan karantin qoidalari va vaksina olish jarayoniga muhim ahamiyat berib kelinadi. Konsertdan bir muddat avval Korzinka supermarketlar tarmog‘i jamoasi a’zolarining to‘la vaksinalanishini rag‘batlantirish maqsadida xodimlar orasida bosh sovrin sifatida Spark avtomobili hamda qo‘shimcha qimmatbaho sovrinlar qo‘yilgan yutuqli o‘yinni ham o‘tkazdi.




















