Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kun.uz'da e’lon qilingan “Sabriya” mashmashasi: serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi” sarlavhali maqoladagi faktlarni o‘rganish bo‘yicha xulosalarini e’lon qildi.
O‘rganishlar davomida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va “Sevimli” telekanali o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi holati tasdiqlangan.
Ta’kidlanishicha, Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning o‘zida subsidiya mablag‘larini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – Firdavs Abduxoliqov subsidiya mablag‘larining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan “Master Media Production and Broadcast” MChJ (ta’sischilari: Sharapova F.S. – F.Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i 70%, Rashidova A.F. – F.Abduxoliqovning qizi 20%, Abduxoliqov A.F. – F.Abduxoliqovning o‘g‘li – 10%) bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini ko‘rmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.
“Masalan, 2021 yilning o‘zida Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida “Sevimli” telekanali ishtirokida “Orzular palatasi” va “Tuzoq” seriallari suratga olingan.
Jumladan, 2021 yilning 22 fevral kuni Kinematografiya agentligi, “Master Media Production and Broadcast” MChJ hamda "MY-FILMS” MChJ o‘rtasida “Orzular palatasi” milliy serialini suratga olish maqsadida qiymati 3,0 mlrd so‘mlik shartnoma imzolanib, Kinematografiya agentligi tomonidan 1,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari “MY-FILMS” MChJ hisobraqamiga o‘tkazib berilgan.
Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi va “Master Media Production and Broadcast” MChJ o‘rtasida “Tuzoq” milliy serialini suratga olish uchun 2021 yilning 18 may kuni jami qiymati 1,8 mlrd.so‘mlik ikki tomonlama shartnoma (dxarid.uz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali) imzolangan va 1,8 mlrd so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisobraqamiga o‘tkazib berilgan.









