Prezidentning “Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Toshkent viloyati hokimligi, "O‘zkimyosanoat" AJ va Tatariston prezidenti ma’muriyati bilan bir qator kelishuvlarga, jumladan "Ximgrad" AJ (Tatariston) bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish haqida kelishuvga erishilgan.
"O‘zkimyosanoat" AJning boshqaruvi qaroriga asosan MChJ shaklidagi "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki direksiyasi tashkil qilingan.
Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
- xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
- Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;
- texnopark ishtirokchilari o‘rtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
- texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish.
Texnoparkning faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi.
Texnopark hududida MIZ uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valuta tartibotlari amal qiladi. Bunda, Soliq kodeksi va "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar texnopark ishtirokchilari, direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qat’i nazar 10 yil muddatga beriladi.






