O‘zbekiston | 09:03 / 09.04.2022
13861
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Suv akademiyasi tashkil etiladi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Suv ta’minoti sohasida malakali xodimlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatda quyidagilar qayd etilgan:

  • respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda demografik o‘sish dinamikalaridan kelib chiqib, suv manbalarini tejash va ulardan samarali foydalanish mezonlarini asosiy deb qabul qilgan holda, suv balansini shakllantirishda innovatsion va zamonaviy ilmiy-texnik yondashuvlardan foydalanish ko‘lami yetarli emas;
  • ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlari sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini zamonaviy jahon standartlari asosida doimiy ravishda oshirib borish bo‘yicha yaxlit ilmiy-texnik bazaviy platformaning tashkil etilmagani tufayli soha xodimlarining 84 foizi oliy ma’lumotga ega emas;
  • ichimlik va oqova suv obektlari hamda tizimlarini qurish, modernizatsiya, rekonstruksiya qilish bo‘yicha, shu jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar, donor tashkilotlar hamda xorijiy kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar doirasida soha mutaxassislari salohiyatini oshirish bo‘yicha “yumshoq” komponentlar mavjud;
  • “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Janubiy Koreyaning “K-Water”, Fransiyaning “Suez” va “Veolia”, Isroilning “Maya” kabi kompaniyalari bilan amaldagi hamkorlik va anglashuv memorandumlari doirasida sohani institutsional rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish choralari amalga oshirilmoqda.

Ichimlik va oqova suv xizmatlari sohasiga innovatsion texnologik yechimlar, ilmiy asoslangan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona markaz – Suv ta’minoti sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish akademiyasi (Suv akademiyasi) tashkil etiladi.

Quyidagilar Suv akademiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • suv ta’minoti sohasini rivojlantirishga zarur bo‘lgan boshqaruv, ishlab chiqarish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar, shu jumladan, o‘rta va o‘rta-maxsus professional ta’lim, oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • xalqaro e’tirof etilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, ichimlik va oqova suv sohasida amaliyot bilan uzviy bog‘liqlikda izlanishlar olib borish, ilmiy, ilmiy-pedagogik va ilmiy-texnik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish, xorijiy stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
  • ichimlik va oqova suv sohasida olib borilayotgan yangi qurilish, modernizatsiya, rekonstruksiya tadbirlarida raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or texnologik yechimlar, jumladan SCADA va geoaxborot tizimlaridan keng foydalanish, hisob-kitoblar, billing tizimida “sun’iy intellekt” va “buyumlar interneti”ni joriy qilish, oqova suv tizimlariga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish (membrana yordamida tozalash, suvni ionizatsiya qilish kabi texnologiyalar, tozalangan suvni qayta ishlatish), ichimlik suv sifatini nazorat qilish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar va laborator izlanishlarni olib borish;
  • inshoot va tarmoqlar ekspluatatsiyasi, suv resurslarini integratsion tarzda, suvni “aqlli” boshqarish va hisobini yuritish, iste’molchilarni ichimlik suv bilan ta’minlash, ichimlik suvi texnologik va tijorat yo‘qotishlari oldini olish, ichimlik suvi sifati va xavfsizligi tahlili va monitoringi, atrof-muhitga zararni kamaytirish, muqobil suv manbalarini aniqlash, maishiy va sanoat oqova hamda yomg‘ir suvlarni tozalash va qayta ishlash, nosozliklarni bartaraf etish, mehnat va texnika xavfsizligi, nasos uskunalarni ta’mirlash, metrologiya va gidravlika, qayta tiklanuvchi va energosamarador manbalarni joriy etish, sohani moliyaviy boshqarish, tariflarni shakllantirish, abonentlar va jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha doimiy ravishda qisqa va o‘rta muddatli o‘quv kurslari va amaliy o‘qishlarni, shu jumladan, to‘lov-kontrakt asosida tashkil etish;
  • soha xodimlarining ilg‘or innovatsion texnologiyalarni yaratish bo‘yicha tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning novatorlik g‘oyalarini ishlab chiqarishga joriy etishga ko‘maklashish uchun Suv akademiyasi ichida “Startap-akselerator” tashkil etish hamda ushbu akseleratorni Markaziy Osiyo miqyosida keng targ‘ib qilish;
  • sohada qo‘llaniladigan texnik talablar, shartlar, standartlar va faoliyat natijalari ko‘rsatkichlarini sohani rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqqan holda yangilab borish bo‘yicha asoslangan tavsiyalar tayyorlash, bu borada normativ-huquqiy bazani takomillashtirishda bevosita ishtirok etish;
  • sohada amalga oshirilayotgan investitsion siyosatga yangi boshqarish va moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Suv akademiyasi Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasi, 151-uy manzilda joylashtiriladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi yig‘imlar va boshqa to‘lovlar undirmasdan ushbu manzilda joylashgan “Musaffo obi hayot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 1,4 ga yer maydoni hamda ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarini (davlat ulushini) Suv akademiyasi tasarrufiga o‘tkazadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid