Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio Filippinda, ASeAN (AQSh va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi) sammiti doirasida Rossiya-Ukraina urushini yakunlashga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Rubio Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida o‘tgan yil yozida Ankorijda o‘tkazilgan sammit Ukrainada tinchlik o‘rnatishga yordam bermaganini tan olgan va shunday degan: mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish uchun «yangi g‘oyalar» kerak bo‘ladi.
U oldingi muzokaralarda muhokama qilingan takliflar «Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmas takliflar» bo‘lgani, «hozir ham vaziyat o‘zgarmagani, endi Ukraina bu takliflarni umuman qabul qilmasligi»ni ta’kidlagan.
Rubio oxirgi jumla orqali aynan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. Yil boshida Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy muzokaralar chog‘ida tomonlar Donbass maqomi bo‘yicha kelisha olmagandi: OAVning yozishicha, muzokaralar davomida taklif qilingan turli murosaga kelish variantlariga qaramay, Rossiya Donetsk oblastini to‘liq o‘z nazoratiga olmoqchi ekanini bildirgan, Ukraina esa bu variantni qat’iyan rad etgan.
Lavrov Rubio bilan uchrashuvdan keyin ochiq bayonot bermadi. RF TIV vazirlik rahbari «amerikalik hamkasbiga harbiy to‘qnashuv chizig‘idagi haqiqiy vaziyat haqida ma’lumot yetkazgani» haqidagi rasmiy press-reliz bilan cheklandi, shuningdek, Lavrov Rubioga Yevropa mamlakatlarining beqarorlashtiruvchi siyosati»dan shikoyat qilgan.

Foto: EPA
Lavrov va Rubio uchrashuvidan bir necha soat oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Trampning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Bu bo‘yicha ham hech qanday tafsilot oshkor etilmadi: Ukraina prezidenti bu «diplomatiyani faollashtirish va tinchlikni yaqinlashtirish haqida muhim suhbat» bo‘lganini aytish bilan kifoyalandi.
Keyinroq Zelenskiy suhbat chog‘ida amerikalik vositachilar keyingi muzokaralarning «bir necha variantlarini qisqacha taqdim etgani»ni aytdi. U yaqin kelajakda AQSh vakillari bilan bu variantlarni muhokama qilishga umid qilishini qayd etgan.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar haqidagi yangiliklar fonida «ortiqcha optimizmga berilmaslik»ka chaqirib, «yangi dinamika haqida gapirishning hojati yo‘qligi»ni ta’kidladi. Shu bilan birga, u Moskva Kushner va Uitkoff bilan aloqada ekani va ular tez orada Moskvaga kelishiga umid qilayotganini aytdi, biroq aniq muddatlarni keltirmagan.








