Yirik xalqaro kompaniyada e’tibor qozonish uchun nima qilish kerak? Albatta, har kuni o‘z kasbiy mahoratingizni ko‘rsatib, a’lo darajada ishlash. Lekin bir joyda to‘xtab qolmaslik, doimo rivojlanish ham bir xil darajada muhimdir. Bu Beeline Uzbekistan’ning ekspert-yuriskonsulti Sardor Baxramovning tabiatiga mos keladi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat o‘zi uchun mutlaqo yangi sohaga ko‘nikdi, balki Beeline jamoasining eng qadrli a’zolaridan biriga aylandi. Buning uchun u kompaniyaning 15 yilligi sharafiga oltin nishon bilan taqdirlandi.
Qulaylik doirasi qayerda joylashgan?
“Men avval boshqa joyda ishlaganman va hech narsani o‘zgartirishni xohlamasdim” – Beeline Uzbekistan’ning ko‘plab xodimlarining hikoyalari kompaniyaga kelgan vaqtlarini eslash bilan boshlanadi. Lekin buni tushuntirish oson: tanish muhit, odamlarni tark etishlari oson bo‘lmagan “qulaylik doirasi” ... To‘g‘ri, oxirida ma’lum bo‘lishicha, o‘sha joyda unchalik ham qulaylik bo‘lmagan. Sardor Baxramov eslashicha, Toshkent shahri tumanlaridan birida advokat bo‘lib ishlagan chog‘ida dam olish kunlari va oddiy ish vaqti nima ekanligini bilmas edi. Shunga qaramay, uning Beeline Uzbekistan’ga o‘tishi tasodifan sodir bo‘lgan. Xususiy kompaniyalar yuristlarga qanday shart-sharoitlarni taklif qilishlari unda qiziqish uyg‘otgan. Shunday qilib, Sardor o‘z rezyumesini Headhunter’da joylashtirgan – va tez orada uni intervyuga taklif qilishgan.
“Men HR-direksiyasida Tatyana Grigoreva bilan suhbatdan o‘tdim, – deydi Baxramov. – Shu suhbatning o‘zidan men shu kompaniyada ishlamoqchiligimni tushunib yetdim, chunki bu yerda har bir xodim qadrlanadi, bu yerda ajoyib jamoa bor. Nihoyat, ular normal kun tartibini taklif qilishdi, men uchun bu yangi narsa edi. Bu meni qiziqtirdi, endi mana ikki yarim yildirki, shu yerdaman. Beeline’ga kelishim bilan, juda tez orada o‘zimga savol berdim: nega men o‘n yil oldin bu qadamni qo‘ymadim, nega tunlari bilan ishlab chiqdim?! Aytgancha, ishimni o‘zgartirganimdan keyingina men nihoyat uylandim. Bungacha oilaviy hayot haqida o‘ylashga ham vaqt yo‘q edi”.

Jamoa qanday kutib oladi?
Beeline Uzbekistan'ga o‘tish tasodifmi yoki taqdirmi? Katta ehtimol bilan ikkinchisi, chunki Sardor kompaniya jamoasiga oson va tez qo‘shila oldi. Hamkasblar bunga har tomonlama hissa qo‘shdilar: ishining ikkinchi kunidayoq yangi yetakchi yuriskonsult ilk topshiriqlarini oldi. Texnik bo‘lim vakili Vladislav Vokal BS, AMS nima ekanini, 3G va 4G tarmoqlari o‘rtasidagi farq qandayligini batafsil aytib berdi. Shu paytdan boshlab «qo‘rqinchli» professional atamalar tushunarli va tanish bo‘lib qoldi. Aslida, hammasi oddiy: BS - bu tayanch stansiyasi, AMS - antenna-machta konstruksiyasi, aloqachilar uskunalarni o‘rnatadigan minora, shunda telekommunikatsiya xizmatlari kengroq hududga tarqaladi. Nega yurist bularning barchasi haqida bilishi kerak? Chunki ruxsat olish, aloqa vositalarini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish uning vazifalariga kiradi. Uchinchi avlod chastotalari uchun esa 4G chastotalariga qaraganda biroz boshqacha hujjatlar talab qilinadi. Umuman olganda, telekom kompaniyasida ishlaganda, hamma joyda kasbga oid so‘zlar eshitiladi: yo‘laklarda, yig‘ilishlarda, hatto korporativ bayramlarda ham. Sardor atroflicha «likbez»dan so‘ng gap nimada ekanini tushunib yetdi. Hozirda shunchalik ko‘p bilim to‘planganki, hamkasblarning fikricha, sobiq advokat texnik bo‘limda ham bemalol ishlashga qodir. Hech bo‘lmaganda u o‘zini aloqachi deb hisoblashga to‘laqonli haqli.








