O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklardagi voqealar rivoji, qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot berdi.

1 iyul

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi yuzasidan muhokama davom etayotganiga va fuqarolarning bu jarayonda o‘z fikrini bildirish uchun sharoitlar yaratilganiga qaramay, ayrim g‘araz niyatli shaxslar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘lgan.

Tergovda aniqlanishicha, 1 iyul kuni soat 14:50 larda “Yel xyzmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram'dagi “Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yo‘llab, fuqarolarni 5 iyul kuni soat 17:00 da “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.

Shundan keyin D.Tajimuratov ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilgani uchun 1 iyul kuni soat 15:30 larda Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.

Bloger D.Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib, Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan, keyinchalik 1 iyul kuni soat 17:30 larda Nukus shahri markazidagi Markaziy dehqon bozori oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan.

Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan ochiq da’vat qilishgan.

2 iyul

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahri tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blokpostda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shovqinli granata, shchit) qo‘lga kiritgan.

Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yarog‘ tortib olingan, Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.