Yakunlangan hafta Yevropada transferlar oynasi rasman ochilgandan keyingi ilk hafta bo‘ldi. 1 iyul kuni transferlar bozorida ko‘plab erkin agentlar paydo bo‘ldi va ular yangi klub topishi uchun ikki-uch kun yetarli bo‘ldi. Quyida Yevropada o‘tgan haftada amalga oshgan asosiy transferlar.

Frank Kesse, «Milan» → «Barselona», erkin agent

Italiya chempioni «Barselona» bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. «Milan» o‘zining asosiy yarimhimoyachisini tekinga qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi, uch yil muqaddam u «Atalanta»dan 32 mln yevro evaziga xarid qilingandi. 2021/2022 yilgi mavsumda Kesse 39 o‘yinda ishtirok etdi va tayanch yarimhimoyachisi pozitsiyasida to‘p surishiga qaramay, yetti gol urib, bir golli uzatmani amalga oshirdi. Bundan tashqari, o‘tgan mavsumda Frank uch o‘yinga jamoani sardor sifatida boshlab tushgan.

Frank Kesse «Barselona»da. Foto: DAVID RAMOS/GETTY IMAGES 

«Men uchun bu ajoyib imkoniyat. Mavsum boshlanishi va bor kuchimni jamoa uchun berishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Seni o‘z vaqtida ajoyib futbolchi bo‘lgan va endilikda ajoyib murabbiy Xavi jamoaga chaqirganda, barcha harakatlaring zoye ketmaganini anglaysan. U va yangi jamoadoshlarim bilan imkon qadar tezroq ish boshlashni istayapman», – dedi «Milan»ning sobiq futbolchisi yangi klubi bilan shartnoma imzolagach.

Kalvin Fillips, «Lids» → «Manchester Siti», 48,75 mln yevro

«Siti» Fernandino ketgach, tayanch yarimhimoyasida bo‘sh qolgan pozitsiyaga Fillipsni olib keldi. Angliya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan 26 yoshli yarimhimoyachi «shaharliklar» bilan olti yillik shartnomaga imzo chekdi. 2021/2022 yilgi mavsumda Fillips faqat 23 o‘yinda maydonga tushgan, u mavsumning uch oydan ortiq qismini tizza ostidagi mushaklari jarohati tufayli o‘tkazib yubordi.

Kalvin Fillips. Foto: Getty Images

«Bu jamoaga qo‘shilishimning asosiy sabablari Gvardiola bilan, va albatta, yulduzli jamoa bilan birga ishlashni, shuningdek ko‘p narsalarni o‘rganish va o‘z o‘yinimda yanada ko‘proq muvaffaqiyat qozonishni istaganim bilan bog‘liq. O‘ylaymanki, men Xosev va futbolchilardan ko‘p narsa o‘rganaman.

«Manchester Siti» bilan birinchi o‘yinimni eslayman. Bu «Elland Roud»dagi qaynoq oqshom bo‘lgandi. Biz 1:1 hisobini qayd etgandik. Men hamma bilan qo‘l berib ko‘rishdim, lekin deyarli gaplashmadim, chunki qarshimda katta yulduzlar turardi. Tilim lol edi. Keyin Xosep o‘zi oldimga keldi va qo‘limni siqdi», deya eslaydi futbolchi.