Toshkent shahar hokimligi va “Xisorak Beshyog‘och” MChJ o‘rtasidagi ish 11 yillik “tarix”ga ega. Hokimlikning 2011 yil 29 iyundagi 373-sonli qarori bilan Chilonzor tumani, Furqat berk ko‘chasida joylashgan, “Xisorak Beshyog‘och” MChJga tegishli 6699 m² bino-inshootlar va salkam 3 gektar yer maydoni bilan davlat ehtiyojlari uchun olingan.

Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga ko‘ra, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uy, boshqa imoratlar, inshootlarni zarar o‘rni bozor qiymati bo‘yicha to‘liq qoplanmagunicha buzib tashlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori bilan tasdiqlanib, 2018 yilgacha amalda bo‘lgan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 26-bandida yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berilishi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanishi belgilangan.
Lekin mazkur huquqiy asoslarga qaramay, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Xisorak Beshyog‘och” MChJga kompensatsiya berilmagan hamda zavod bino-inshootlari buzilgan.
Da’vogarning murojaati asosida Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan 2018 yilda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilgan. Birinchi instansiya sudining 2018 yil 4 dekabrdagi qarori bilan baholash hisobotiga asosan Toshkent shahar hokimligidan da’vogar hisobiga 4,7 mlrd so‘m kompensatsiya undirish belgilangan. Biroq da’vogar sudga murojaat qilib, “Global Tris” ShKning baholash hisoboti ekspertizadan o‘tkazilmagani va unga huquqiy baho berilmaganligi sababli ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni so‘ragan.
Ish yuzasidan 2022 yilgacha bir necha bor sud majlislari o‘tkazildi. Sudning 2022 yil 18 yanvardagi ajrimi bilan, olib qo‘yilgan ko‘chmas mulklar va ular joylashgan yer maydonining bozor qiymatini aniqlash bo‘yicha “Smart Expert Group” MChJga baholash ekspertizasi tayinlangan. Ushbu MChJ tomonidan baholash obekti 93 mlrd 282 mln so‘mga baholangan.




























