O‘zbekiston | 09:00 / 24.07.2022
12136
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona davlat universiteti jamoasi qoraqalpog‘istonlik bolalar davrasida

Ma’lumki, aholi tarkibidagi eng yirik etnik guruhlar ichida tug‘ishgandek yaqin, o‘zgacha qadr va qimmatli qoraqalpoq millati xalqimiz tarixida muhim ahamiyatga ega.

Urf-odatlari, milliy qadriyatlari, orzu-istaklari, qon-qarindoshligi ongi-shuuriga singib ketgan bu ikki xalq bolajonligi bilan alohida ajralib turadi.

Buning yaqqol dalili sifatida aytish mumkinki, yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, Bo‘zatov tumanlari hamda Nukus shahridan Farg‘ona viloyatiga kelgan 302 nafar o‘g‘il-qizlar bugun Qo‘qon shahridagi Koinot oromgohida dam olmoqdalar.

Ayniqsa, bugun bu maskanga Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovning tashrifi bolajonlar uchun quvonarli bo‘ldi.

Bayramga aylanib ketgan uchrashuvda ular bilan samimiy muloqot ham olib borildi.

Universitet jamoasining bolalar ma’naviy dunyosini boyitish, kitobxonlikni yuksaltirish maqsadida qiziqarli badiiy kitoblar, futbol, voleybol, badminton, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol va boshqa foydali mashg‘ulotlar uchun sport anjomlari, shirinliklar bilan kirib kelishi oromgoh yoshlariga olam-olam zavq ulashdi.

“Biz qoraqalpoq xalqining qanchalik tanti, keng fe’lli, mard el ekanligini qalban chuqur his etamiz. Shu millatning yuragidagi ahdlari, hayotidagi orzu-umid uchqunlari, yurtiga sadoqati ko‘zlaridan porlab, aks etib turgan bolajonlari - bizning ham farzandlarimizdir. Ularning quvonchiga quvonch qo‘shish esa burchimizdir”, – deya ta’kidladi universitet rektori o‘z so‘zida.

Kechki madaniy dasturda esa viloyatning taniqli xonandalari bolajonlar xizmatida bo‘lib, turli kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.