O‘zbekiston | 13:03 / 26.08.2022
45325
3 daqiqa o‘qiladi

Amanbay Orinbayev Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tasdiqlandi

Oqsoqollar kengashi qaroriga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tavsiya etilgan Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodi ma’qullandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amanbay Orinbayevning rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilatlarini, shuningdek, hududni rivojlantirish borasidagi takliflarini hisobga olib, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirdi.

«Sizning bittayu bitta vazifangiz - xalqni rozi qilish. Har bir tuman, qishloq va ovullarga kirib borib, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish kerak», - dedi davlat rahbari.

Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi.

Shundan so‘ng, Jo‘qorg‘i Kenges raisini saylash masalasi ovozga qo‘yildi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan Amanbay Orinbayev bir ovozdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga saylandi.

«Amanbay Orinbayev adolat, sadoqat, halollik, mas’uliyat, tashabbuskorlik va fidoyilikni o‘z faoliyatining eng muhim mezonlari sifatida belgilab olib, saylangan lavozimida  Qoraqalpog‘iston ahliga sidqidildan xizmat qilishi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashi lozim», dedi prezident Jo‘qorg‘i Kengesning yangi raisiga murojaat qilar ekan.

Orinbayev 2020 yil kuzidan buyon Qoraqalpog‘iston rahbari bo‘lgan Murat Kamalovning o‘rnini egalladi. Bugungi sessiyada prezident Qoraqalpog‘iston rahbariyatini iyun oyi boshidagi voqealar uchun keskin tanqid qilgandi.

Ma’lumot uchun, 2016-2017 yillarda Nukus shahar IIB boshlig‘i bo‘lgan Amanbay Orinbayev 2017 yil mayida Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2019 yilning martidan 2020 yil fevraligacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan, keyin ikki yil IIV Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2022 yil martida Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri etib tayinlangandi.

2022 yil iyulidan hozirga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

Mavzuga oid