Jurnalist Jamshid Niyozovning «Kredit sirtmog‘i va boshqa sabablar: O‘zbekistonda organ savdosi ommalashyapti» maqolasi ostiga «Menga ham bir uy olib berishsa sotardim», deya izoh qoldirgan akkaunt egasi bilan bog‘lanib, bunday xavfli ishga uni qanday sabab majbur qilayotgani bilan qiziqdik.

«O‘zim samarqandlikman. Besh yil avval, 26 yoshimda Rossiyaga — opamning oldilariga ishlash uchun bordim. Bir yildan so‘ng surxondaryolik Bahrom Rahmonov ismli yigit bilan tanishib qoldim», — deya kechmishlarini so‘zlay boshladi o‘zini Sharofat Murodaliyeva deb tanishtirgan ayol.

Biroz muddatdan so‘ng Bahrom Sharofatdan ayoli bilan ajrashganini, unga turmushga chiqishini so‘ragan. O‘zbekistonga qaytishgach, qonunan nikohdan o‘tadigan bo‘lishgan. Uyidagilarning roziligi bilan shar’iy nikoh o‘qitib, bir oila bo‘lib yashay boshlashgan.

«Topgan pullarimizni erimning otasiga jo‘natardik. Erim kuch-quvvatimiz borligida ishlab uy-joy qilib olaylik, otam borgunimizcha bitkazib turadilar, deb farzandli bo‘lishga unamadi. Ikki yilcha farzand ko‘rmay bor kuchimiz bilan ishladik. Keyin men yoshim o‘tayotgani, ona bo‘lishni istashimni aytdim.

Shundan so‘ng orqama-keyin 2012 va 2013 yillarda qizim va o‘g‘lim tug‘ilishdi. Bolalar parvarishi bilan bo‘lib, men ishlay olmay qolganim sabab, 2013 yilning avgustida, kichik farzandim yetti oylik bo‘lganidan so‘ng yurtimizga qaytib keldik.

Erim meni va bolalarimni ota uyimga olib kelib 10 kunda kelishini aytib Surxondaryoga ketdi. Shu ketganicha daragi bo‘lmadi. Keyin bilsam — birinchi turmushi bilan yarashib, yashab yuribdi ekan. Telefonda tortishdik, oxirida sen bilan yashamayman, o‘z kuningni o‘zing ko‘r, istasang bolalaringni «mehribonlik uyi»ga berib, boshqa turmush qur, deb aloqani uzdi.