Transport vazirligi vakili Kun.uzʼga taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan aholi soni qariyb 3 mlnga yetgan. Shuning 1,3 millioni ish bilan ta’minlangan. Qayd etilishicha, shaharga atrof xududlar va boshqa viloyatlardan kuniga 1,4 mln odam kelib ketadi, yana 300 ming talaba poytaxtda joylashgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladi. Shundan kelib chiqsak, Toshkentda kunlik harakatlanishga ehtiyoji bo‘lgan aholi soni 2,7 mln nafarni ko‘rsatmoqda.

Toshkent shahrining avtomobil yo‘llaridagi avtobus qatnovlari bo‘yicha yuklamalari va kiruvchi oqim.
Foto: Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi  

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyoji 6 mln safarni (bir nafar yo‘lovchi manzilga borish /qaytishda ham avtobus, ham metrodan yoki shaxsiy transportdan foydalangan bo‘lishi mumkin, “peresadka”lar ham hisoblanadi) tashkil etadi. Shundan 1,4 mln safar avtobus, mikroavtobus va metroda, qolgan 4,6 millioni esa hozirda poytaxt yo‘llarida xarakatlanayotgan 800 mingta yengil va shaxsiy transportga to‘g‘ri kelmoqda.

Poytaxt yo‘llaridagi transportlarning hozirgi yuklamasi.
Foto: Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi  

Poytaxt aholisi yiliga 100 ming nafarga, transportlar soni 71 mingtaga (2022 yil) o‘sishini inobatga olsak, tirbandlik kuzatilayotgan asosiy transport arteriyalarga yuklama ortib borishi tabiiy. Ayniqsa, bu yuklama o‘quv yili boshlanishi – sentabr oyida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buning oldini olish uchun esa jamoat transportiga ustuvorlik berish, tashuv quvvatini oshirish, shaxsiy transport jozibadorligini kamaytirish orqali tirbanlik darajasini pasaytirishga erishish mumkin.

Xo‘sh, buning uchun nimalar qilinmoqda?

Poytaxtda 34 ta yirik koridor bor. Avtobuslarga ustuvorlik berish, ular uchun alohida maxsus yo‘laklar joriy qilish, infratuzilmani yaxshilash uchun Transport vazirligi hamda vazirlikning Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi bilan birgalikda 13 ta koridor tanlab olingan. Loyiha ofisi direktori Murod Obidovning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, bu jarayonda har bir koridorga avtobus yo‘laklari va svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruvi joriy etiladi.