Kun.uz’ga farzandlari Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biri qatnovchi bir guruh ota-onalar murojaat qilib, bog‘chada qizlari bilan bog‘liq xunuk holat sodir bo‘lganligini ma’lum qilishdi. Ularga ko‘ra, bog‘cha mudirasining har kuni bog‘chaga kelib yuradigan, o‘zi maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bolalar uxlab yotgan xonaga kirib, qizlarini qo‘rqitib yechintirgan va tegajog‘lik qilgan.   

Hozirda ota-onalar tomonidan holat yuzasidan ichki ishlar organlariga ariza berilgan.

“Mudiraning eri ishni yopti-yopti qilmoqchi bo‘ldi” – qizlardan birining otasi

“Kecha farzandimiz bilan bog‘liq salbiy bir voqea sodir bo‘ldi. Onam qizimni bog‘chadan olib ketayotgan paytida undan kuning qanday o‘tdi, deb so‘ragan. Shunda qizim bog‘chada uxlab yotgan paytlarida xonaga begona erkak kirganligini, qizlarni yechintirib, qo‘li bilan ularning jinsiy a’zolariga teginganini, o‘zidan oldin ikkita qizning kiyimlarini yechib, ularga tegajog‘lik qilganligini, keyin o‘zining ham oldiga kelib, kiyimlarini yechganligini, qarshilik qilganligini, ammo kuchi yetmaganligini aytib bergan. Yigit mening qizimdan keyin yana bir qizga shunaqa tegajog‘lik qilgan. U qizcha baqirib-chaqira boshlagach, xonadan chiqib ketgan. Bu holat bo‘lgan paytida xonada bog‘cha opasi bo‘lmagan.

Bu vaziyatni eshitgach, bog‘chaga kelib, hudud profilaktika inspektorini hamda prokuraturadan odam chaqirdik. Psixologlar ham keldi. Ularning aytishiga qaraganda, bu bola bog‘cha mudirasining o‘g‘li bo‘lgan. U maktabning yuqori sinf o‘quvchisi. Qandaydir bir bolaga ovqat yedirishga kirgan emish. Hamma uxlab yotganida kimga ovqat yediradi, qanaqa bo‘ladi u, xullas aqlga sig‘maydigan narsalarni gapirishyapti.

U bolaga har doim bog‘chaga kirib-chiqib yurgan, o‘zlari ham bu narsani tan olishyapti. Poytaxtning markazida joylashgan bog‘chada shunaqa holat bo‘lib turgani juda afsuslanarli. Biz oilamiz bilan shok holatiga tushib qoldik.

Ichki ishlar organlariga ariza yozdik, psixologlarni chaqirdik. Hozir arizamiz ichki ishlar organida, ko‘rib chiqilyapti. Qizlarning kiyimlarini ekspertizaga topshirdik. Psixolog ham bolalarimiz bilan gaplashdi. To‘rtta qiz bo‘lgan voqeani bir xil aytib beryapti. Psixolog mudiraning o‘g‘li bilan ham gaplashdi. U bunaqa holat bo‘lganini tan olmadi. Ammo psixologning “Boshqa bu ishingni takrorlamaysanmi?”, degan savoliga “Yo‘q, takrorlamayman” deya javob bergan. Psixolog qizlar aldamayotganligini, bola ularga tegajog‘lik qilgani bo‘yicha o‘z xulosasini aytib ketdi.