Nuqtayi nazar | 14:01 / 25.05.2023
368022
6 daqiqa o‘qiladi

YeOII muammoli holatda. To‘qayev nima demoqchi bo‘ldi?

Qozog‘iston prezidenti mavjud vaziyat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa a’zolari uchun ma’lum bir muammo yaratayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston bunday tushunarsiz ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘rimi?

Foto: Mixail Tereshchenko / TASS

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi forumida YeOII tuzilmasi ichida Rossiya va Belarus ittifoq davlati «fenomeni» mavjudligiga e’tibor qaratdi va hamkasblarni mamlakatlar integratsiyasining turli darajalarini muhokama qilishga taklif etdi.

«Jahon siyosiy tarixida noyob pretsedent yoki fenomen - yagona siyosiy, huquqiy, harbiy, iqtisodiy, valuta, madaniy, humanitar makoni bilan «ikki davlat – bir mamlakat» formulasi bo‘yicha davlatni yaratish hodisasi. Yagona ittifoq hukumati, yagona ittifoq parlamenti va meni kechirib qo‘yasiz, hatto yadro quroli ham hozir ikkita davlatga bitta.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston bilan integratsiyaning boshqa darajasi ham mavjud va biz bu reallik bilan hisoblashishimiz kerak: bunday sharoitda qanday ishlaymiz. Bu konseptual masala. O‘ylaymanki, biz ushbu iqtisodiy forumda mazkur muammoni muhokama qilishimiz kerak», — deya qayd etdi qozoqlar prezidenti.

Ekspertlarga ko‘ra, To‘qayev bu gaplari bilan YeOIIning hozirgi formatining kelajagi yo‘qligi va u uzoq yashay olmasligi haqidagi fikrni diplomatik ohangda bildirib qo‘ygan.

Xususan, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Qozog‘iston prezidenti bu orqali YeOII doirasida bir emas, ikkita ittifoq borligiga e’tiroz bildirganiga e’tibor qaratgan: «Lukashenko har doimgidek «kelinglar, birgalikda g‘arbga qarshi kurashaylik, bardam va hamjihat bo‘laylik!» degan pozitsiyani ilgari surdi. Lukashenkoning aytadigan boshqa pozitsiyasi ham deyarli qolmadi. U hokimiyatda o‘tirish uchun Putinga yoqishi kerak. Putinga yoqish uchun esa g‘arbga qarshi gapirishi kerak. 

Sammitda To‘qayev har doimgidek o‘zining «lekin»larini bildirdi. To‘qayev YeOII doirasida bir emas, ikkita ittifoq borligi va bu g‘alati ekanligini bildirdi. 

Ya’ni YeOII doirasida ikkiga bo‘linish, ikkita jamoa borligi va bu ziddiyatlar keltirib chiqarayotganiga e’tibor qaratdi. Va, «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – bu eng avvalo, iqtisodiy birlashma» deya urg‘ulab qo‘ydi. 

Putinning yuzidan, xo‘mrayib o‘tirishidan To‘qayevning gaplari yoqmaganini bilish qiyin bo‘lmadi. Ittifoqchilar!»

Ekspert shuningdek, bunday sharoitda O‘zbekistonning YeOIIga kirishi oqibatlaridan ogohlantirgan. U O‘zbekiston rahbari taklif etilganiga qaramay, sammitga bormaganini ta’kidlab, bu yaxshi xabar ekanini, lekin endi Moskva tomonidan O‘zbekistonni YeOIIga a’zo qilish borasidagi bosimlar kuchayib borishini qayd etgan.

«Ukrainadagi urush fonida Rossiya xalqaro sanksiyalar bosimi ostida qolib ketdi. Shu paytgacha Rossiya uchun YeOII – possovet hududini iqtisodiy integratsiya qilib, iqtisodiy «yutish» modeli edi. Endi esa YeOII – Rossiya uchun sanksiyalarni chetlab, aylanib o‘tish modeli bo‘lib ko‘rinmoqda. 

Shuning uchun ham O‘zbekistonga Moskvadan bosim sifat jihatidan yangilanyapti, kuchayib bormoqda. O‘zbekiston bu bosimlarga qarshi turish qobiliyatini ko‘rsatishi kerak. Aks holda, iqtisodiy qulayotgan Rossiyaning juda og‘ir yuki o‘sib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga tushadi. Bu – O‘zbekiston iqtisodiyotini holsizlantirishi, ijtimoiy-siyosiy zo‘riqishlarga kuchli katalizator bo‘lishi mumkin. 

Tabiiyki, O‘zbekiston Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik qilishdan juda manfaatdor. Lekin bu hamkorlik – O‘zbekistonni iqtisodiy zaiflashtirishiga sababchi bo‘lmasligi kerak. Aksincha, O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikni bundan manfaatdor bo‘lsagina amalga oshirishi kerak. 

Keyingi oylarda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga shoshilmoqda. Balki, rasmiy Toshkent «Moskva bizni baribir tinch qo‘ymaydi, shuning uchun Jahon savdo tashkilotiga tezroq kiraylik. Shundan so‘ng, YeOIIga a’zo bo‘lsak bo‘lamiz-da» degan kayfiyatda bo‘lishi ham mumkin. 

Shuning uchun, bugungi kundagi Rossiya bilan hamkorlikning eng optimal ko‘rinishi – ikki taraflama hamkorlikdir. YeOIIga qo‘shilish esa yoki ikkilamchi sanksiyalarga tushishga sababchi bo‘ladi, yoki Rossiya bilan ittifoq doirasida to‘qnashishni kafolatlaydi. Uchinchi variant yo‘q», degan u.

YeOII — mintaqaviy integratsiya tashkiloti bo‘lib, 2014 yil 29 mayda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi kelishuv asosida tashkil etilgan. Uning tarkibiga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya kiradi. YeOII o‘rnida oldin, 2001–2014 yillarda Yevrosiyo iqtisodiy jamiyati (YevrAzES) mavjud bo‘lgan.

Birlashma saytida aytilishicha, YeOIIni tuzishdan maqsad tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakati erkinligini ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida muvofiqlashtirilgan, izchil yoki yagona siyosatni amalga oshirish bo‘lgan.

Mavzuga oid