Dunyoning eng boy odami Ilon Mask oxirgi yillarda amerikalik jurnalistlar uchun katta nyusmeykerga aylandi. The New Yorker jurnalisti Ronan Ferrou milliarderning 30 dan ortiq sobiq va hozirgi hamkasblari bilan gaplashib, Space X va Twitter/X egasining hozirgi hayoti qanday kechayotganini tasvirlashga urindi. Quyida o‘sha maqolaning tarjimasi keltiriladi.

***

2022 yil oktyabr oyida AQSh mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kal Parijga boradi. U kun bo‘yi yevropalik diplomatlar bilan gaplashadi va keyin mehmonxonadan turib Ilon Maskka qo‘ng‘iroq qiladi. Bu vaqtda tadbirkorning Space X kompaniyasi bir necha oydan buyon Ukraina armiyasini internet bilan ta’minlab kelayotgan, bu orqali ukrainlarning Rossiya bosqiniga qarshi turishiga ko‘maklashayotgandi.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi Mask

2022 yil fevralda, urush boshlanganidan bir necha kun o‘tiboq Ilon Mask urushga qaysidir ma’noda o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlaydi. Uning topshirig‘i bilan Space X Ukrainada Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimini o‘rnatib, mamlakat armiyasi undan foydalanishiga imkoniyat yaratadi. Bu Ukrainaga kiberhujumlardan qochish va qurollarni Rossiya pozitsiyalari tomonga qaratishga imkon beradi. Bu paytda Starlink internetidan hatto AQShning o‘zida ham keng foydalanishmayotgandi.

Starlink tizimini Ukrainada o‘rnatishda ishtirok etgan uch kishi anonim tarzda ushbu jarayonga Ilon Maskning bevosita ta’siri qanchalik yuqori ekanidan hayratga tushganini aytadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Mask Ukrainaga yordam berishni, odamlar xavfsizligini ta’minlashni istagan va o‘z manfaatlarini o‘ylamagan.

Oxirgi oylarda Ukraina qo‘shimcha 5 mingta Starlink terminallarini oldi. 2022 yil kuzida Ukraina qurolli kuchlari foydalanayotgan terminallar soni 20 mingtagacha yetgandi. Ushbu tizimga ulanishni ta’minlagan harbiylardan birining aytishicha, Starlink terminallari urush boshida Ukraina armiyasi uchun frontdagi asosiy aloqa vositasi bo‘lgan.

Mask Ukrainada sun’iy yo‘ldoshdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun o‘nlab million dollar mablag‘ sarfladi. Masalan, Starlink Ukraina QK 59-brigadasi dronlar orqali RFning Donbassdagi pozitsiyalarini o‘qqa tutishini ta’minlagan (2022 yil 30 dekabr)
Pierre Crom / Getty Images