Jahon | 13:55 / 14.11.2023
12006
3 daqiqa o‘qiladi

Baza: Anna Politkovskayaning qotilligi tashkilotchisi Ukrainada jang qilyapti

Anna Politkovskaya qotilligini uyushtirganlikda ayblanib 20 yilga hukm qilingan Sergey Hojiqurbonov urushda qatnashgani evaziga qamoqdan muddatidan oldin ozod etildi, deb yozadi Baza. U 2022 yil oxirida frontga jo‘nab ketgani aytiladi. 

Foto: AP

Baza Telegram-kanali xabariga ko‘ra, «Novaya gazeta» jurnalisti Anna Politkovskaya qotilligi tashkilotchisi koloniyani erta tark etgan va muddatidan oldin ozod qilish evaziga Ukrainaga qarshi urushga ketgan. 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Sergey Hojiqurbonov 2022 yil oxirida frontga yo‘l olgan va razvedka bo‘limi komandiri sifatida xizmat qila boshlagan, deb xabar berdi Baza 14 noyabr, seshanba kuni nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib

Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Hojiqurbonov «bir necha bor dushman safi ortiga o‘tib, o‘z jangchilari bilan razvedkachilarga xos vazifalarni bajargan» va tez orada batalyon komandiri darajasiga ko‘tarilgan. Baza’ning yana bir suhbatdoshi u sobiq mahbus uchun noodatiy tarzda juda tez xizmat pog‘onalaridan ko‘tarilganini ta’kidladi. Ta’kidlanishicha, olti oy frontda xizmat qilganidan so‘ng, Politkovskayaning qotilligi tashkilotchisi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomasini uzaytirgan. Biroq nashrda uning hozirda qaysi lavozimda xizmatda ekani haqida ma’lumot yo‘q. «Ayni paytda u jazoni o‘tashdan ozod qilingan», deb yozadi Baza. 

Anna Politkovskayaning o‘ldirilishi

Anna Politkovskaya 2006 yil 7 oktyabrda Moskvaning Lesnaya ko‘chasidagi uyining kiraverishida o‘ldirilgan. Rossiyada Politkovskayaning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov uzoq vaqt va katta qiyinchilik bilan davom etdi. 2014 yil may oyida sud jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarga hukm chiqardi. Rustam Mahmudov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning akalari Jabrail va Ibrohim mos ravishda 14 va 12 yilga qamaldi. 2007 yilda qo‘lga olingan sobiq politsiyachi Sergey Hojiqurbonov 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 

Tashkilotchi sifatida aka-uka Mahmudovlarning amakisi bo‘lgan chechen tadbirkori va jinoyat dunyosiga aloqador Lom-Ali Gaytukayev tan olingan. U umrbod qamoq jazosini oldi va 2017 yilda qamoqda vafot etdi. Besh mahkumning hech biri aybini tan olmagan. 2018 yil iyul oyida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Rossiyani Politkovskaya ishi bo‘yicha «samarasiz tergov» uchun tanqid qildi. Jurnalistning yaqinlariga tovon puli tayinlangan. 

Mavzuga oid