DW xabariga koʻra, Anna Viktoriya Politkovskaya 5-oktabr kuni Strasburgda, buvisi xotirasiga bagʻishlangan tadbirda yevroparlament deputatlariga murojaat qilgan. Uchrashuv Anna Politkovskaya oʻldirilganining 20 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.
Uning taʼkidlashicha, Rossiyada xavfsiz qolish imkoniyati boʻlmagan inson yordam soʻrab murojaat qilishi, qisqa vaqtda javob olishi va xavfsiz joyga chiqib ketishi uchun amaliy yoʻl boʻlishi kerak.
«Bunday inson oʻzining himoyaga muhtojligini hayoti evaziga isbotlashga majbur boʻlmasligi kerak», - degan Politkovskaya.
U murojaati davomida Shimoliy Kavkazda ulgʻaygan yaqin doʻsti Sashaning taqdirini misol keltirgan. Politkovskayaning aytishicha, Sasha oilasi va atrofidagilarning salbiy munosabatiga duch kelgan, 16 yoshida esa jinsiy zoʻravonlikni boshdan kechirgan.
Sasha Rossiyada oʻzi uchun xavfsiz kelajak koʻrmagan va mamlakatdan ketishni istagan. Biroq xorijda oʻqish uchun hujjatlar, mablagʻ va universitetga kirish imkoniyati kerak boʻlgan. Himoya soʻrash uchun esa, avvalo, bunday yordam olish mumkin boʻlgan mamlakatga yetib borishi lozim edi.
Politkovskayaning soʻzlariga koʻra, buvisi bir vaqtlar Sashaning otasi hayotini saqlab qolgan. Keyinchalik uning oʻgʻli yordamga muhtoj boʻlganida, zarur koʻmakni ola olmagan. Sasha oʻz joniga qasd qilgan.
«Sizning yordamingiz bilan keyingi Sasha tirik qolishi mumkin», - deya murojaat qilgan u deputatlarga.
Tadbirda BMTning Rossiyadagi inson huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Mariana Katsarova ham soʻzga chiqqan. Uning bahosicha, Anna Politkovskaya Checheniston haqidagi materiallarida yoritgan repressiyalar endilikda butun Rossiyaga tarqalgan.
Katsarova siyosiy sabablarga koʻra taʼqib qilish ommaviy tus olganini, qiynoqlar keng va tizimli qoʻllanayotganini aytgan. Uning taʼkidlashicha, xorijdagi hukumat tanqidchilari ham jinoyat ishlari, sirtdan chiqarilgan hukmlar, moliyaviy cheklovlar va Rossiya hokimiyati manfaatlarida harakat qiluvchi shaxslar orqali bosimga uchramoqda.
«Novaya gazeta Yevropa» bosh muharriri Kirill Martinov esa Yevropani Ukrainaga yordamni oshirishga chaqirgan. U Chechenistondagi urush bilan Rossiyaning Ukrainaga bosqini oʻrtasida bevosita bogʻliqlik borligini taʼkidlagan.








