08:41 / 01.09.2023
4282

Politkovskaya nomidagi mukofot hibsda bo‘lgan rejissyor va dramaturgga berildi

Anna Politkovskaya nomidagi 2023 yilgi jurnalistika mukofoti - «Kamerton» «terrorizmni oqlaganlik»da ayblanib qamoqda saqlanayotgan teatr rejissyori Yevgeniya Berkovich va dramaturg Svetlana Petriychukka berildi.

Foto: RIA Novosti

Moskvada 31 avgust kuni jurnalistika bo‘yicha Anna Politkovskaya nomidagi «Kamerton» mukofoti topshirildi, deb yozadi «Novaya gazeta». 2023 yilda hakamlar hay’ati bir ovozdan teatr rejissyori Yevgeniya Berkovich va dramaturg Svetlana Petriychukni «hayot va sahnadagi haqiqat uchun» mukofotladi.

Berkovich va Petriychuk may oyidan beri «terrorizmni oqlaganlik»da ayblanib qamoqda saqlanmoqda. 31 iyul kuni sud ularni hibsga olish muddatini 10 sentabrgacha uzaytirdi. Berkovichning turmush o‘rtog‘i Nikolay Matveyev va aktrisa Marietta Tsigal-Polishchuk ular uchun mukofotni qabul qilib oldi. 

«Kamerton» maxsus mukofoti ilk bor «Ty ne odin» rossiyalik siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida birdamlik marafonini tashkil etgan turli ommaviy axborot vositalari jurnalistlari jamoasiga topshirilgan. Shuningdek, marosim davomida «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish»da ayblanib, bir yildan ortiq vaqtdan beri hibsda saqlanayotgan peterburglik rassom Sasha Skochilenkoni qo‘llab-quvvatlovchi auksion o‘tkazildi. Kimoshdi savdosini Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman olib bordi. 

Fransiyada Politkovskaya nomidagi yangi mukofot ta’sis etildi 

«Novaya gazeta»ning marhum jurnalisti Anna Politkovskaya nomidagi «Kamerton» mukofoti Rossiya Jurnalistlar uyushmasi tomonidan 2013 yilda ta’sis etilgan. O‘tgan yili bu mukofot NTV sobiq muxbiri va hujjatli filmlar muallifi, hozirda o‘zining «Skaji Gordeyevoy» YouTube-kanali boshlovchisi Katerina Gordeyevaga topshirildi. 

2023 yil 3 may kuni Jahon matbuot erkinligi kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va «Novaya gazeta» jurnalistik jasorati uchun Anna Politkovskaya mukofoti ta’sis etilganligini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, mukofot «urush, inqiroz yoki beqarorlik sharoitida» ishlayotgan jurnalistlarga beriladi. Yangi sovrin birinchi marta noyabr oyida yillik Parij tinchlik forumida topshirilishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hakamlar hay’ati tarkibiga Anna Politkovskayaning bolalari - Vera va Ilya Politkovskiylar kiradi. 

Mavzuga oid
Top