Jurnalist Anna Politkovskayaning farzandlari Vera va Ilya «Novaya gazeta» tahririyati bilan birgalikda 2014 yilda onasini o‘ldirishda ayblanib, 20 yilga hukm qilingan Sergey Hojiqurbonovning qamoqdan muddatidan oldin ozod etilishi haqida bayonot berdi. Bayonot 14 noyabr, seshanba kuni «Novaya gazeta» saytida e’lon qilindi.
«Biz uchun bu «afv» - qotilning iqrori va tavbasi emas, balki adolatsizlik va o‘zboshimchalikning dahshatli fakti, o‘z e’tiqodi va kasbiy burchini bajargani uchun halok bo‘lgan shaxs xotirasiga nisbatan haqoratdir», - deyiladi bayonotda.
Bayonot mualliflarining fikriga ko‘ra, bunday «afv etish» faktining o‘zi Rossiya amaldagi rasmiylari qonundan o‘zi xohlagancha foydalanayotganidan dalolat beradi. «Qotilning afv etilgani haqida jabrlanuvchilarga ham, tahririyatga ham xabar berilmagan, xuddi boshqa qotillarni, eng avvalo, qotillik tashkilotchisi qanday qidirilayotgani haqida xabar bermaganidek. Ularni qidirishmayapti, chunki ularni yashirishmoqda», - deydi ular.
«Adolat hokimiyatni obro‘sizlantirgani uchun jazo kamerasiga tiqib qo‘yildi»
«Novaya gazeta»da chop etilgan bayonotda afv etilgan Hojiqurbonovning tarjimai holi keltirilgan. U Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskvadagi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi kapitani bo‘lgan va mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun sudlangan. Politkovskayaning o‘ldirilishini uyushtirganlik ayblovi bilan bir qatorda, u odam o‘g‘irlash va qiynoqqa solishda ham ayblangan.
«Bu yerda izoh beradigan hech narsa yo‘q. Talab qiladigan hech kim yo‘q. Adolat izlashdan ma’no yo‘q - u hokimiyatni obro‘sizlantirgani uchun jazo kamerasiga tiqib qo‘yildi. Qotillar esa o‘zi o‘rganib qolgan ishni qiladi, jabrlanuvchilar, ularning qarindoshlari va yaqinlari, guvohlar hamda ulardan yordam so‘rab, zaif ekanini ko‘rsatib qo‘ygan sud, qonun va davlatni masxara qilyapti», - deya ta’kidlaydi bayonot mualliflari.
Baza: qotillik tashkilotchisi o‘zini Ukrainaga qarshi urushda ko‘rsatdi
Baza Telegram-kanali xabariga ko‘ra, «Novaya gazeta» jurnalisti Anna Politkovskaya qotilligi tashkilotchisi koloniyani erta tark etgan va muddatidan oldin ozod qilish evaziga Ukrainaga qarshi urushga ketgan. 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Sergey Hojiqurbonov 2022 yil oxirida frontga yo‘l olgan va razvedka bo‘limi komandiri sifatida xizmat qila boshlagan.








