Islandiya janubi-g‘arbida vulqon otilishni boshladi
Lava oqimlari Grindavikdan to‘rt kilometr uzoqlikda yuzaga chiqmoqda. Mutaxassislar Reykyanes yarimorolida qaysi vulqon otilayotganini aniqlash uchun hududga uchib boradi.

Foto: Civil Protection of Iceland/REUTERS
Islandiya janubi-g‘arbidagi Reykyanes yarimorolida vulqon otilishni boshladi. Bu haqda 18 dekabr, dushanba kuni kechqurun mamlakat meteorologiya boshqarmasi ma’lum qildi. Idoraning ta’kidlashicha, lava oqimlari Grindavik shahridan to‘rt kilometr shimoli-sharqda yuzaga chiqmoqda.
Otilish mahalliy vaqt bilan soat 22:17 da (Toshkent vaqti bilan 19 dekabr 03:17) boshlangan, undan oldin qator zilzilalar kuzatilgan, deya qo‘shimcha qildi meteorologlar. Xabar e’lon qilingan vaqtda ular gap qaysi vulqon haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Yarimorolda Reykyanes va Fagradalsfyadl vulqonlari joylashgan. Tez orada qirg‘oqni qo‘riqlash vertolyoti otilish aniq joyi va kuchini aniqlash uchun hududga uchib boradi.
Fuqaro muhofazasi boshqarmasi Grindavik aholisini shaharni tark etishga chaqirdi. Lava oqimi ushbu aholi punkti tomon ketayotgan bo‘lishi mumkin, dedi meteorologiya bo‘limi vakili Ras 2 radiostansiyasi efirida. Shaharni ommaviy evakuatsiya qilish noyabr oyining birinchi yarmida amalga oshirilgan, biroq mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Grindavikda vulqon otilishi vaqtida odamlar bo‘lgan.
Uch yil ichida to‘rtinchi otilish
Reykyanes yarimorolidagi joriy otilish so‘nggi uch yil ichida to‘rtinchisi bo‘ldi. Avvalgilari 2021 yil mart, 2022 yil avgust va 2023 yil iyul oylarida infratuzilma yoki aholi punktlaridan uzoqda sodir bo‘lgan.