O‘zbekiston | 09:30 / 30.01.2024
27905
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilyapti

Endilikda ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi pensiya olish huquqini beradigan ish staji toifasiga kiritilishi mumkin.

Foto: senat.uz

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruh majlisida ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, qonun bilan «Ijara to‘g‘risida»gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga ham qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ushbu faoliyat turini pensiya olish huquqini beradigan ish staji toifasiga kiritish nazarda tutilyapti.

Qonunga kiritilayotgan yana bir yangilik – pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi takomillashtirilib, fuqarolarning pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilyapti.

Bundan tashqari, pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Mavzuga oid