O‘zbekiston hukumati yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqdi. Bu rejalar qatoriga kiritilgan, Soliq qo‘mitasiga qo‘shimcha vakolatlar berish haqidagi normalar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Tegishli qaror loyihasi tanqidlardan keyin ochiq muhokamaga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Kun.uz bu loyihaning aksariyat bandlariga qarshi chiqqan Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari – soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov va tadbirkor Faxriddin Ilyosov bilan suhbatlashib, e’tirozlar nimadan iborat bo‘layotganiga qiziqdi.

Hujjat loyihasida qat’iy belgilangan aylanmadan olinadigan soliq bekor qilinishi taklif qilinyapti, bu borada fikringiz qanday?

Murod Muhammadjonov: — Qat’iy belgilangan aylanmadan olingan soliq yaxshi joriy qilindi. Biznesga kira olmaydigan, biznes qilishga qo‘rqadigan odamlarni rasmiy biznesga olib kira oladigan yaxshi maydon bo‘ldi. Bunda ko‘pchilik ishlab ketdi, qo‘rqib ketishdi shekilli, endi bekor qilishmoqchi. Soliq organlarining o‘zi boshida bu yaxshi islohot ekanini isbotlash uchun tadbirkorlarni zo‘rlab bo‘lsa ham qat’iy belgilangan AOSga o‘tkazishdi. Bizga bu borada juda ko‘p murojaatlar kelardi. Bu balki noto‘g‘ridir, lekin biznes qilishda oq biznesga kiraman deydiganlar uchun bu yaxshi maydon bo‘ldi. Ko‘pchilik hujjat qilishim shart emas ekan dedi-da, firma ochib solig‘ini to‘lab, qonuniy ishlashga o‘tdi. Endi ikkinchi qadam ularga buxgalteriya bilan ishlashni o‘rgatish edi.

Bu narsaga Prezident huzuridagi kengashda ko‘p e’tirozlar bo‘ldi. Bu soliq turi qolishi kerak, u qora bozordan oq bozorga o‘tish uchun ko‘prik edi. Uni bekor qilish shu ko‘prikni olib tashlash bilan teng.

Loyihadagi bahsli normalardan biri QQS summasini qaytarish muddatini 60 kundan 75 kunga uzaytirish bilan bog‘liq. Ayni paytda qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi o‘rnini qoplab berish muddatini uzaytirish yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda qanday rol o‘ynashi borasida savol tug‘ilyapti. Bu borada sizning fikringiz qanday? Soliq qo‘mitasi o‘sha kungi yig‘ilishda bu norma qaysi argument bilan qo‘llab-quvvatladi?

Faxriddin Ilyosov: — Tekshirish muddatini uzaytirishmoqchi ekan, 60 kunda qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytishi uchun talab qilinadigan hujjatlarining asosliligini tekshirib tugatolmay, 75 kunda tekshirib tugatarkan. Hech qanaqa mantiq bo‘lmasa kerak bunda.