Soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xoʻjabekov Kun.uz bilan suhbatda davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi yakunlari boʻyicha imzolagan farmondagi yangiliklarga sharh berdi.

Davlat va biznes munosabatlariga yangicha qarash

Murod Muhammadjonov: 175-sonli prezident farmonining umumiy falsafasi haqida gapiradigan boʻlsak, koʻpchilik buni navbatdagi imtiyozlar seriyasi sifatida qabul qilyapti. Aslida bu – imtiyozlar seriyasi emas, balki davlat bilan biznes oʻrtasidagi munosabatga yangicha qarash shakllantirilmoqda, desak boʻladi.

Farmonda tadbirkor xatosini ixtiyoriy ravishda tuzatsa, uni jazolamaslik gʻoyasi bor. Agar qaror ijrosi yoʻlga qoʻyiladigan boʻlsa, davlat bilan biznes oʻrtasidagi munosabatlarda keskin oʻzgarish boʻladi.

Kichik biznesni tekshirishga moratoriy

Murod Muhammadjonov: Bu farmondagi bandlardan biri koʻpchilik uchun hozir juda katta yangilik boʻlib turibdi. Bu – kichik biznesni tekshirishga uch yillik moratoriy eʼlon qilinishi.

Eʼtibor berish kerak: moratoriy oʻrta va yirik bizneslarga emas, faqat kichik biznesga taalluqli. Bizda kichik biznes deganda 10 milliard soʻmgacha boʻlgan aylanmaga ega korxonalar nazarda tutiladi. Bular – yakka tartibdagi tadbirkorlar, aylanmadan olinadigan soliqda ishlaydiganlar va umuman, qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtgan boʻlsa ham, aylanmasi 10 milliard soʻmdan oshmagan tadbirkorlar.

Bu yerda “tekshiruvlar” deganda aynan soliq auditi nazarda tutilmoqda. Kameral tekshiruv bunga kirmaydi. Kameral tekshiruv boʻlishi kerak. Tadbirkorlarga ham buni tushuntirish kerak: “Boʻldi, meni tekshirmas ekan”, deb xohlagancha ishlash mumkin degani emas. Faqat soliq auditi oʻtkazilmaydi, lekin kameral nazorat saqlanib qoladi.

Bundan tashqari, agar tadbirkor qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib olmoqchi boʻlsa, albatta, QQS doirasida tekshiruv oʻtkaziladi. Masalan, 10 mlrd soʻmlik tovari bor. “Shundan 1,2 mlrd soʻm QQSni qaytarib olmoqchiman” desa, soliq organi tartib boʻyicha borib tekshirishi kerak: haqiqatan ham shu 10 mlrd soʻmlik tovar qoldiqda turibdimi-yoʻqmi? Shu 10 mlrd soʻmlik tovar boʻyicha hisoblangan QQS toʻgʻrimi-yoʻqmi - shular tekshiriladi. Buni nazoratsiz qoldirib boʻlmaydi.