Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vaşingtonning «döstona bölmagan xatti-harakatlari» tufayli Rossiya davlati va Markaziy bankiga yetkazilgan «zararni qoplaş» uçun AQŞ aktivlarini musodara qilişga ruxsat berdi. Tegişli farmon 23 may, payşanba kuni imzolangan.

AQŞ mulki Rossiya mulkdorlariga ötkaziladi

Farmonga köra, davlat va Rossiya banki, agar Amerika hukumati yoki sudlarining qarori bilan öz mulkiga bölgan huquqlardan «asossiz» mahrum qilingan bölsa, sudga murojaat qiliş huquqiga ega. Öz navbatida, Rossiya sudi zararni qoplaş töğrisida qaror qabul qilişi mumkin. Bu AQŞ mulki xatlovga olinadi va Rossiya mulkdorlariga ötadi, degan ma’noni anglatadi.

Hukumat yoki AQŞ fuqarolaridan olib qöyilişi mumkin bölgan mulklar röyxatiga qimmatli qoğozlar, Rossiya kompaniyalarining ustav kapitalidagi uluşlari, köçmas mulk, şuningdek, mulkiy huquqlar kiradi. 

Putin Rossiya hukumatiga tört oy içida qonunçilikka zarur özgartirişlar kiritişni topşirdi. 

AQŞ Rossiya aktivlarini musodara qilmoqçi

AQŞ davlat kotibi Entoni Blinken may oyida Kiyevga taşrifi çoğida hukumat AQŞ banklaridagi Rossiya aktivlarini musodara qiliş niyatida ekanini aytgan edi. AQŞ Senati vakiliga köra, Amerika banklarida Rossiyaning 5 milliard dollarlik aktivlari muzlatilgan. Dunyo böylab bu aktivlar taxminan 300 milliard dollarni taşkil qiladi. Ularning aksariyati – taxminan 200 milliard yevro – Yevropa Ittifoqida bloklangan. 

Rossiya Federatsiyasi hukumati Rossiya mablağlarini, şu jumladan ulardan olingan daromadlarni olib qöyişning har qanday variantini ekspropriatsiya deb hisoblaydi, bu esa oqibatlarga olib keladi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 22 may kuni.