Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avtomobil bozoridagi vaziyatni tahlil qildi.
Iyun oyidagi tahlil natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha avtotransport vositalarining umumiy savdosi 13,6 foizga kamaygan hamda qariyb 87 ming donani tashkil etgan. Yillik hisobda esa bozor faolligi 1,4 baravarga qisqargan.

Markazga ko‘ra, bu qisman mavsumiy omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki yozgi mavsumda an’anaviy ravishda ishbilarmonlik faolligi pasayadi.
Yengil avtomobillar
Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 13,3 foizga pasayib, 77,6 ming donagacha kamaygan. Hududiy kesimda eng katta pasayish Surxondaryo va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan – o‘rtacha 22 foiz.
Shu bilan birga, ba’zi hududlarda sotuvlar oshgani kuzatilgan. Xususan, dastlabki 6 oyda Xorazm va Navoiy viloyatlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 7 foizlik ijobiy dinamika qayd etilgan.
2024 yilning birinchi yarmi yakunlariga bo‘yicha O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 580 ming donani tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 19 foizga pastdir. Bu nafaqat oldin ekspluatatsiyada bo‘lgan avtomobillarga talabning pasayishi bilan, balki avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarining murakkablashishi hamda rasmiylashtirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish qiymatining oshishi bilan ham izohlanadi.
“Shunday qilib, sotuvlar umumiy hajmining 97,3 foizi to‘g‘ri keluvchi yengil avtomobillarning ikkilamchi bozorida talablarning qattiqlashishi va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarining qimmatlashishi oldi-sotdi bitimlari sonining qisqarishiga ta’sir qildi, bu esa, o‘z navbatida, avtomobil bozorida umumiy savdo ko‘rsatkichlariga aks ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin”, deyiladi ITIM sharhida.
Birlamchi bozordagi vaziyat
Iyun oyida yengil avtomobillarning birlamchi bozorida savdolar o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga kamaygan hamda umumiy hisobda 26 ming donani tashkil etgan. Yillik hisobda esa faollikning kichikroq – 5,3 foizga pasayishi qayd etilgan.
Yangi yengil avtomobillarning birlamchi bozori ikkilamchi bozorga nisbatan ancha barqaror dinamikani namoyish etyapti.
Iyun oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvining qisqarish tendensiyasi davom etgan. Xususan, bunday avtomobillar sotuvlari may oyiga nisbatan qariyb 10 foizga pasaygan. Ushbu tendensiya mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining may oyida boshlangan o‘sishiga barham berdi.















