Jahon | 19:32 / 08.08.2024
3177
4 daqiqa o‘qiladi

Benksi to‘rt kunda 4 ta yangi surat chizdi. Ularning barchasida hayvonlar tasvirlangan

Benksi o‘z ishlarining birortasiga hozircha izoh bermadi. London aholisi rassomning suratlarini o‘zicha talqin qilmoqda.

Foto: AP Photo

O‘zining kimligini sir tutuvchi mashhur ko‘cha rassomi Benksi to‘rt kun ichida o‘zining Instagram sahifasiga Londonda chizilgan to‘rtta yangi ishiga oid suratlarni joylashtirdi. Ularda shahar muhitidagi yovvoyi hayvonlar tasvirlangan.

Birinchi ishga oid surat 5 avgust kuni e’lon qilingan. Tog‘ echkisini tasviri London janubi-g‘arbidagi Richmond tumanida joylashgan binolarning birini devorida paydo bo‘lgan. Echki devorning turtib chiqqan ingichka qismida turibdi. Shu bilan birga suratda devorga o‘rnatilgn kuzatuv kamerasi echkiga qaratilgan. Taxminlarga ko‘ra, rassom ataylab uni burib qo‘ygan.

Ertasi kuni Benksi Chelsidagi Edit Terras ko‘chasidagi uy devoriga ikkita fil tasvirini chizdi. Hayvonlar qo‘shni derazalardan qarab, bir-biriga xartumlari bilan intilmoqda.

Foto: AP Photo

7 avgust kuni rassom yovvoyi hayvonlarga bog‘liq uchinchi ishini namoyish etdi. Uch maymun London sharqiy qismidagi Brik-leyk ko‘chasida joylashgan temiryo‘l ko‘prigiga «osilib» turibdi.

Foto: AP Photo

Benksi o‘z ishlarining birortasida hozircha izoh bermadi. Rassomning suratlaridan keyin London aholisi ularni o‘zicha talqin qila boshladi. Ayrimlar echki bilan bog‘liq art-obekt ma’nosi oddiy ekanini aytmoqda — odamlar atrof-muhitni shu qadar yakson qilib yubordiki, hayvonlarning boradigan boshqa joyi yo‘q. Ba’zilar esa qiyalikda turgan echki bu insoniyatning «halokat yoqasida» turgani ramzi ekanini aytmoqda. Yana bir toifa insonlar e’tiborini echkiga qaratilgan kamera tortgan. Ularning fikricha, bu zamonaviy dunyoda yolg‘iz qolish uchun joy topilmasligiga shama qilmoqda.

BBC’ning «Benksi tarixi» seriali yaratuvchisi Jyeyms Pikning hisoblashicha, rassom yangi suratlarga bog‘liq «kampaniya» boshlagan. «Hayvonlarning har biri Londonning turli qismlarida joylashgan. Keyingi safar ular qayerda paydo bo‘ladi? Hech kim bilmaydi. Siz Benksining muxlisi bo‘lsangiz bu juda qiziq va avgust oyida London uchun ajoyib voqea», — deydi Pik.

Jurnalist Benksining maymunlar tasvirini «ajoyib ishlangan», deb atadi. «Ular nima ma’no berishini bilmayman, shunisi aniqki, endi hamma u haqida gapirmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi u. BBC’ga ko‘ra uchta maymun og‘zi, ko‘z va quloqlarini yopib turgan yapon madaniyatidagi kompozitsiyaga o‘xshash. Versiyalardan biriga ko‘ra, ular yovuzlikdan voz kechish va undan himoya qilish g‘oyasini anglatadi.

The Guardian’ning yozishicha, internetda ushbu tasvirlar «London hayvonat bog‘i» nomini olib ulgurgan va ular nimani anglatishi haqida ko‘pchilik bosh qotirmoqda. Benksi muxlislarining aytishicha, rassom 17 yoshli o‘smir raqs studiyasiga hujum qilib, uch nafar bolani o‘ldirganidan keyin Buyuk Britaniyada boshlangan namoyishlarda ishtirok etayotgan ultrao‘nglarni yovvoyi hayvonlarga qiyoslamoqda.

8 avgust kuni Benksi Instagram sahifasi orqali o‘zining to‘rtinchi ishi — uvillayotgan bo‘ri suratini e’lon qildi. Graffiti Oyni yodga soluvchi sun’iy yo‘ldosh antennasi likopchasiga tushirilgan.

Foto: AP Photo

Mavzuga oid