Asli özbekistonlik, köp yillar Yevropa Tiklaniş va taraqqiyot banki (YeTTB) tizimida işlagan jamoat arbobi Kamola Mahmudova uzoq davom etgan xastalikdan söng 48 yoşida Londonda vafot etdi.

U YeTTBning mintaqadagi yirik loyihalariga rahbarlik qilgan, oxirgi paytlar Ozarboyjondagi vakolatxona direktori lavozimida işlab kelayotgandi. 

Mahmudova Özbekistonda köplab ijtimoiy loyihalarni amalga oşirgan, jumladan, Khan Academy ta’lim platformasini özbek tilida işlab çiqişga kömaklaşiş, saraton kasalligiga çalingan bolalarga yordam beriş va Buxoroda köçat ekiş işlari Kamolaning sa’y-harakatlari bilan amalga oşgan.

2020 yilda Şavkat Mirziyoyev uni «Döstlik» ordeni bilan taqdirlagandi.

Prezidentning sobiq davlat maslahatçisi, taşqi işlar vazirining birinçi örinbosari va örinbosari, Özbekistonning Belgiya, Buyuk Britaniya va boşqa mamlakatlardagi elçisi, professor Alişer Fayzullayev şunday ta’kidladi: «Işoniş qiyin, bu şok, bu butun özbeklar va özbekistonliklar uçun katta yöqotiş. U özining qisqa umri davomida juda köp yutuqlarga erişdi, Özbekiston uçun, özbek madaniyatining Buyuk Britaniya va butun dunyoda keng tarğib qilinişi uçun köp işlar qildi».

«Yevropa tiklaniş va taraqqiyot bankida katta lavozimlarda işladi va doim Özbekistonga va özbekistonliklarga yordam berdi. Londonda Özbekiston madaniyati kunlarini uyuştirgan asosiy şaxlardan biri edi… U juda yorqin, köp qirrali, ğayratli, köngli oçiq va kamtarin şaxs edi. Uzoq masofaga yuguriş, yoga va qadimgi Şarq falsafasiga qiziqardi. Unda har doim qiziq ğoyalar, rejalar va loyihalar köp bölardi. U hayotimda uçratgan eng yorqin şaxslardan biri edi», — deb yozadi Alişer Fayzullayev.

Kamola Mahmudovaning dafn marosimi 27 sentabr kuni London şahrida bölib ötadi.