O‘zbekiston | 08:50 / 22.11.2024
11839
2 daqiqa o‘qiladi

200 mingdan ortiq fuqaro iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilishi mumkin 

O‘zbekiston hukumati 2025 yilda 200 mingdan ortiq fuqaroni ish haqi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga ishga joylashtirishni rejalashtirmoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

2025 yilda 200 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosini iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu haqda 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi, deb yozadi Gazeta.uz.

Hukumat rahbari ushbu lavozimga qayta tayinlanishidan oldin parlament quyi palatasiga Vazirlar Mahkamasining qisqa va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etdi.

Xususan, 2030 yilga qadar 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 400 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastur «O‘zbekiston-2030» strategiyasi asosida ishlab chiqilgan. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar qatorida mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish borasidagi ishlarni davom ettirish ham bor.

Abdulla Aripovning aytishicha, prezident hukumatga mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ish haqi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar qo‘ygan.

«2025 yilning o‘zida Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Isroil, Kanada, Polsha, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA va shu kabi boshqa iqtisodiy rivojlangan 21 davlatda 200 mingdan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rish rejalashtirilmoqda», — degan hukumat rahbari.

Keyingi yillarda ham bu boradagi ishlar davom ettiriladi, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasbiy mahorat va xorijiy tillarga o‘qitish uchun barcha sharoitlar yaratiladi, dedi bosh vazir.

Mavzuga oid