Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 522-son qarori bilan aholi bandligi va ishsizlik hisobini yuritish tartibi takomillashtirildi.
Hujjatda mehnat resurslari balansini shakllantirish, bandlik va ishsizlikni hisoblash metodikasi hamda ishsizlar va norasmiy bandlarning manzilli roʻyxatini tuzish tartibi tasdiqlangan.
Avval maʼlumotlar bazalari solishtiriladi
Ishsizlar va norasmiy bandlar roʻyxati balans.mehnat.uz elektron platformasi orqali shakllantiriladi. Platforma «Raqamli hukumat» tizimi orqali vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Idoralar har chorak yakunlanganidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar tegishli maʼlumotlarni taqdim etadi. Ular asosida fuqarolar avtomatik ravishda toifalarga ajratiladi.
Bunda tashkilotlarda ishlovchilar, taʼlim oluvchilar, pensionerlar, tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilganlar, hunarmandlar, xorijda vaqtincha mehnat qilayotganlar va boshqa toifalar haqidagi maʼlumotlar hisobga olinadi.
Ushbu maʼlumotlar asosida toifasi aniqlanmagan shaxslar bandlik holati nomaʼlum fuqarolar sifatida alohida ajratiladi. Ularning manzilli roʻyxati har chorakdan keyingi oyning 10-sanasiga qadar mahallalar kesimida shakllantiriladi.
Hokim yordamchilari kimlarning uyiga boradi?
Bandlik holati nomaʼlum boʻlgan fuqarolar roʻyxati ikki ish kuni ichida «Onlayn mahalla» platformasi orqali hokim yordamchilariga yuboriladi.
Hokim yordamchilari har chorakda bir marta, hisobot choragidan keyingi oy yakuniga qadar roʻyxatdagi har bir fuqaroning yashash manziliga borib, uning bandlik holatini oʻrganadi.
Xatlov natijasida aniqlangan ishsizlar va norasmiy bandlar haqidagi maʼlumotlar «Onlayn mahalla» platformasiga kiritiladi. Keyin ular balans.mehnat.uz tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Shu tariqa, manzilga borib oʻrganish aynan axborot bazalari orqali bandlik holatini aniqlashning imkoni boʻlmagan fuqarolar boʻyicha oʻtkaziladi.
Maʼlumotlar har chorakda yangilanadi
Respublikadagi barcha mahallalar kesimida ishsizlar va norasmiy bandlarning manzilli roʻyxati har chorakdan keyingi oy yakuniga qadar toʻliq shakllantiriladi.








