Pensiyaga chiqqan inson avvalgi ish haqining qancha qismini pensiya sifatida olishi mumkin? Mamlakatga qarab bu koʻrsatkich 80 foizdan yuqori darajadan 20 foizdan ham past koʻrsatkichgacha farq qiladi.

Visual Capitalist infografikasida mamlakatlar pensiyaning prognoz qilinayotgan yalpi oʻrnini bosish koeffitsiyenti boʻyicha taqqoslangan. Hisob-kitoblar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti - OECD maʼlumotlariga asoslangan.

Oʻrnini bosish koeffitsiyenti pensiya toʻlovlari miqdorini inson pensiyaga chiqishidan oldin olgan ish haqi bilan taqqoslaydi. Bunda ham ish haqi, ham pensiya soliqlar va majburiy badallar ushlab qolinishidan oldingi miqdorda hisobga olinadi.

Shu sababli bu koʻrsatkichni oddiy qilib, inson pensiyaga chiqqanidan keyin uning avvalgi mehnat daromadining qancha qismi pensiya toʻlovlari bilan «almashtirilishi» deb tushunish mumkin.

Hisob-kitoblar 2024-yilda 22 yoshida mehnat faoliyatini boshlagan oʻrtacha statistik xodim uchun tuzilgan. Unda majburiy davlat va xususiy pensiya dasturlari hisobga olingan, ammo fuqarolarning ixtiyoriy ravishda shakllantiradigan xususiy pensiya jamgʻarmalari inobatga olinmagan.

Reytingning yuqori qismida Janubiy Yevropa davlatlari ustunlik qiladi. Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya va Italiya birinchi oʻnlikdan joy olgan.

Ayniqsa, Ispaniya va Gretsiya yuqori koʻrsatkichlari bilan ajralib turadi.

Ispaniyada prognoz qilinayotgan pensiyaning oʻrnini bosish koeffitsiyenti 80,4 foizni tashkil etadi. Yaʼni hisob-kitob modeli boʻyicha pensiya toʻlovlari pensiyaga chiqishdan oldingi ish haqining taxminan beshdan toʻrt qismiga teng boʻladi.

Gretsiyada bu koʻrsatkich 79,6 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, reyting mamlakatning umumiy boylik darajasi pensiyaning ish haqiga nisbati qanchalik yuqori boʻlishini har doim ham belgilab bermasligini koʻrsatadi.

Masalan, Meksika va Turkiyada prognoz qilinayotgan oʻrnini bosish koeffitsiyenti qariyb 70 foizga yetadi. Germaniyada esa u 42,1 foizni tashkil qiladi.

AQShda ham koʻrsatkich nisbatan past - 39,7 foiz.

Bu farqlar turli mamlakatlarda pensiya tizimlarining tuzilishi va ishlash mexanizmlari bir-biridan sezilarli darajada farq qilishini koʻrsatadi.