Viskonsin ştatining Medison şahrida xususiy xristian maktabida otişma yuz berdi. Mahalliy huquq-tartibot idoralarining 16 dekabr, duşanba kuni ma’lum qilişiça, qurolli hujum natijasida uç kişi halok bölgan, yana yetti kişi hayot uçun xavfli bölmagan yengil jarohatlar olgan.

Politsiya ma’lumotlariga köra, otişmada gumon qilingan ösmir ham ölik holda topilgan. U şu maktabning öquvçisi edi. Mahalliy politsiya boşliği Şon Barns matbuot bilan suhbatda hujumçi öz joniga qasd qilgan bölişi mumkinligini taxmin qildi.

«Bugun nafaqat Medison uçun, balki butun mamlakatimiz uçun qayğuli kun», — deya Barnsning sözlarini keltiradi AP. Jurnalistlarning sözlariga köra, tergov gumonlanuvçi 9 mm kalibrdagi töpponça işlatgan bölişi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Otişma sodir bölgan maktab — Abundant Life xususiy maktabi. U yerda jami 390 nafarga yaqin bola tahsil oladi.

Voqea haqida izoh berar ekan, Viskonsin gubernatori Toni Evers şunday dedi: «Biz bolalar, öqituvçilar va butun Abundant Life maktabi jamoasi uçun duodamiz. Yangi ma’lumotlarni kutyapmiz va tezkor xizmat xodimlaridan minnatdormiz». Oq uyning bildirişiça, AQŞ prezidenti Jo Bayden otişma haqida xabardor qilingan.