Özbekiston prezidentining farmoni bilan 1941-1945 yillardagi Ikkinçi jahon uruşida qozonilgan ğalabaning 80 yilligi şarafiga «Ikkinçi jahon uruşidagi ğalabaning 80 yilligi» esdalik yubiley medali ta’sis etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uşbu esdalik yubiley medali Özbekiston fuqarolariga — «1941-1945 yillardagi Uluğ Vatan uruşida Germaniya ustidan qozonilgan ğalaba uçun» va «Yaponiya ustidan qozonilgan ğalaba uçun» medallari bilan, uruş yillarida jangovar xizmatlari uçun boşqa orden va medallar bilan mukofotlangan, uruş qatnaşçisi guvohnomasiga yoki Vatan uruşi nogironi guvohnomasiga ega bölgan Ikkinçi jahon uruşi qatnaşçilari va ularga tenglaştirilganlar şaxslarga topşiriladi.

Şuningdek, Ikkinçi jahon uruşi yillaridagi frontorti mehnat faxriylari, şu jumladan, «1941-1945 yillar Uluğ Vatan uruşidagi şavkatli mehnati uçun», «Mehnatdagi jasorati uçun», «Mehnatda örnak körsatganligi uçun» medallariga yoki 1941-1945 yillardagi uruş davrida Qurolli kuçlarda fuqaro şaxslarni erkin yollaş böyiça ştat lavozimida bölganligi töğrisidagi guvohnomaga ega bölgan mehnat fronti qatnaşçilari ham mazkur esdalik yubiley medali bilan mukofotlanadi.

Mudofaa vazirligi, Içki işlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Kambağallikni qisqartiriş va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan taşqari Pensiya jamğarmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda esdalik yubiley medali bilan mukofotlanişi lozim bölgan uruş faxriylari va nogironlarining, mehnat fronti qatnaşçilarining aniq röyxatini tuzib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avvalroq prezident Ikkinçi jahon uruşi qatnaşçilarini rağbatlantiriş töğrisidagi farmonni imzolagandi. Unga köra, uruş qatnaşçilariga 10 ming dollardan, Ikkinçi jahon uruşi qatnaşçilariga tenglaştirilgan şaxslarning har biriga 25 mln sömdan bir martalik pul mukofoti beriladi.