Toshkent shahrining 12 ta tumanida yirik, zamonaviy kutubxonalar quriladi, joylari allaqachon belgilangan. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umrzoqov ma’lum qildi.
“12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan, joylari allaqachon belgilangan. Bilasizmi, maqsadimiz – shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish”, – dedi hokim O‘zAga bergan intervyusida.
Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi barcha – 585 ta mahallada bosqichma-bosqich kitob burchaklari ham tashkil etiladi.
27-iyul kuni imzolangan prezident qarori bilan, Toshkent shahrida maydoni 5 ming metr kvadratdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy deb belgilandi.
“Eng ilg‘or mamlakatlarda kutubxonalar – shaharning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘ladi. Rivojlanishda yangi bosqichga chiqmoqchi ekanmiz, poytaxtimizda ham kutubxonalar eng ko‘rimli va shinam maskanlarga aylanishi shart. Hattoki gavjum va turistik ko‘chalarimizda ham imtiyozli shartlarda kitob do‘konlari va kitob kafelari ochiladi.
Markaziy loyihamiz – xalq orasida “Moviy gumbazlar” deb ataladigan hudud. Bu joy tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan. Endi uni mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiramiz. Joriy yil iyulida majmuaning tarixiy qiyofasini to‘liq tiklash e’lon qilindi, loyiha kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi bilan amalga oshiriladi.
Infratuzilmaning o‘zi yetarli emas, albatta – rag‘bat ham kerak. Prezidentimiz boshlab bergan an’ananing davomi sifatida shahar miqyosida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini joriy etamiz”, – dedi poytaxt rahbari.
Yuqoridagi qarorda, shuningdek, kitoblar savdosini tashkil etish uchun taqdim etiladigan munitsipal mulklar (bino va inshootlar) Toshkent shahar hokimi qarori bilan kitob savdogarlariga 5 yil muddatga tekin foydalanish huquqi asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi ham ko‘zda tutilgan.









