Jahon | 07:29 / 19.07.2025
2674
2 daqiqa o‘qiladi

NATO: Patriot'ni Ukrainada tezkor joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

NATO qo‘mondoni general Grinkevichning so‘zlariga ko‘ra, Patriot'ni joylashtirish Germaniya bilan yaqindan muvofiqlashtirilmoqda. Germaniya Mudofaa vazirligi ushbu havo hujumidan mudofaa tizimlarining Ukrainaga yetkazilganini hozircha tasdiqlay olmaydi.

Foto: REUTERS

NATOning Yevropadagi ittifoqchi kuchlariga rahbarlik qilayotgan AQSh Harbiy-havo kuchlari general-leytenanti Aleksus Grinkevich Ukrainaga qo‘shimcha Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini tezkorlik bilan topshirishga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lum qildi.

Grinkevich Germaniyaning Visbaden shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda: «Tayyorgarlik qizg‘in ketmoqda, biz Patriot tizimlarini topshirish masalasida Germaniya bilan juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Menga imkon qadar tezroq harakat qilish ko‘rsatmasi berildi», - dedi.

Germaniya Mudofaa vazirligi vakili bir kun avval Patriot havo hujumidan mudofaa tizimining tarkibiy qismlari Germaniyadan Ukrainaga jo‘natilgani yoki yo‘qligini «bilmasligini» aytdi. «Men hozirda biror narsa yo‘lda ekanligini tasdiqlay olmayman», dedi u.

Germaniya TIV vakilining aytishicha, 21 iyul kuni Ukraina mudofaasi bo‘yicha Ramshtayn formatidagi aloqa guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda Rossiya havo hujumlaridan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan Patriot zenit-raketa komplekslarini Ukrainaga yetkazib berishni tezlashtirish variantlari muhokama qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid