Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 sentabr kuni Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

«Har safar bu viloyatga kelganimda, odamlardagi ko‘tarinki kayfiyatni, kattayu-kichik doimo harakatda, izlanishda yurganini ko‘rib quvonaman. Bugun ham hududdagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim», dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Qayd qilinishicha, qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaydi. Bu, eng avvalo, yaratilgan sharoit va viloyat aholisining mashaqqatli mehnati bilan bo‘lgani ta’kidlandi.

So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kirdi, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, 1 mingdan oshdi. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar oshdi. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan kichik biznes va tadbirkorlik orqali daromad topmoqda.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan «og‘ir» mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan, jami 320 milliard so‘m berilib, ular namunali hududga aylantiriladi.

Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Yangiqo‘rg‘onda tunu-kun ishlaydigan 8 ta servis ko‘chasi barpo etish reja qilingan.

Viloyat Islohotlar shtabiga tadbirkorlar bilan har bir tumanda kamida 2 tadan so‘lim tabiatli joylarni tanlab, ular bo‘yicha master-reja ishlab chiqish, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi.

Shuningdek, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis obektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bu yerlarning muhofaza zonasi va konturini belgilab, auksionga chiqarishni boshlash topshirildi.

Prezident To‘raqo‘rg‘onda tomchilab sug‘orish orqali 5 ming gektar adir yerlarni o‘zlashtirish ishlari boshlanganini ma’qulladi. Hozirgacha 2 ming gektar o‘zlashtirildi, shundan 1,3 ming gektarida bog‘ va uzumzor tashkil etildi, 4 ming kishi ishli bo‘ldi. Bu ishlarni davom ettirib, Pop tumanida 4 ming gektar, Kosonsoy, Chust va Mingbuloq tumanlarida 1 ming gektardan yerni qayta foydalanishga kiritish vazifasi qo‘yildi.