"2040 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklari keskin eriy boshlaydi" – 16-17 sentabr kunlari «Iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘ muzliklarining innovatsion monitoring usullari va glyatsiologiyaning dolzarb muammolari» mavzusida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy va mahalliy olimlar xavotirli prognozlar bilan bo‘lishishdi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida suhbatlashishdi.

Xalqaro konferensiya olimlar, mutaxassislar va siyosatchilarni birlashtirib, glatsiologiya bo‘yicha innovatsion metodlar, eng so‘nggi ilmiy natijalar va amaliy tajribalarni muhokama qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, muzlik monitoringi qurg‘oqchilikni boshqarish, suv resurslarini taqsimlash va integratsiyalashgan resurslarni rejalashtirish kabi kengroq masalalar bilan bog‘lanadi. Bu jarayon Suv-Energiya-Oziq-ovqat Ekotizim (WEFE) Nexusi doirasida amalga oshiriladi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, kriosfera kuzatuv metodlarida texnik salohiyatni oshirish, muzliklar va qor qoplamlari o‘zgarishlariga oid masalalar yechimlarni muhokama qilishga hamda muzlik ma’lumotlarini ko‘p tarmoqli WEFE boshqaruv tizimlariga integratsiya qilishdan iborat.

Doniyor Turg‘unov, Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori: So‘nggi 10 yillikda muzliklarning keskin erishi kuzatildi. Bu tendensiyada erib boriladigan bo‘lsa, 2050-yilga borib Markaziy Osiyodagi muzliklar maydonining qariyb 50% ga yaqin miqdorini yo‘qotishimiz mumkin. Qanday konkret instrumentlar mavjud muzliklarni saqlab qolish bo‘yicha? Sun’iy landshaft yaratish, muzliklar joylashgan hududlar – nival hududlarda sun’iy landshaftlar yaratish orqali. Hamda sun’iy muzliklar yaratish.

Abror G‘afurov, Germaniya yer va suv tadqiqotlari markazi vakili: Hozir muzliklar erishi davom etyapti. Asrimizning oxirigacha borib, muzliklar keskin kamayib ketadi. Umumiy hisobni oladigan bo‘lsak, 2100-yillarga borib, hozirgi mavjud muzliklarning 20-30% qolishi hisob-kitob qilingan. Lekin muzliklarni o‘rganishda, muzliklarning suv resurslariga bo‘lgan ta’sirini hisoblashda bitta narsaga e’tibor berish kerak. Bu ingliz tilida “tipping point” deyiladi. Bu muzliklarning suv berish maksimal vaqti. Oddiy bir misol qilib aytadigan bo‘lsam, xolodilnikdagi muzni tashqariga chiqarib qo‘ysangiz, erishni boshlaydi. Undan kelayotgan suv ko‘p bo‘ladi. Qachonki o‘sha muzning massasi keskin kamayib ketsagina, undan kam suv kelishni boshlaydi.